Uyida muzey ochgan otaxon (+video)
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanilik Rasuljon Kamolov tashkil etgan uy-muzeydan nafaqat tuman tarixi, shu bilan birga uzoq tarixdan hikoya qiluvchi eksponatlar ham o‘rin olgan.
Ular orasida turli davrlarga oid xumlardan tortib, musiqa asboblari, plastinkalarni ham ko‘rish mumkin. Rasuljon ota xonadoniga tashrif buyurgan har qanday kishi o‘zini o‘tmishga qaytgandek his qiladi.
– 8-sinfda o‘qir edim. O‘shanda maktabimizda olti oylik teleradio-ustalar kursi ochilgandi. Kursda o‘qib, magnitofonlarga lenta yozishga ishqiboz bo‘lganman. Eksponatlarni yig‘ish o‘sha paytdan boshlangan, – deydi 72 yoshli Rasuljon ota Kamolov. – Mana, hozirgacha qayerda, qanday tarixiy buyum ko‘rsam, yig‘ib yuraman. Uy-muzeyimda mingga yaqin buyumlar bor. Menga ularning har biri qadrli. Shuning uchun bu buyumlarni ko‘z qorachig‘imdek asrayman.
Rasuljon otaning uy-muzeyida Halima Nosirova, Saodat Qobulova kabi xonandalarning jonli ovozlari yozilgan 400 ga yaqin eski plastinkalar saqlanmoqda. Kolleksiyalarning asosiy qismini musiqa asboblari tashkil etadi. Jumladan, 200 yillik tarixga ega dutor, naqshlar bilan bezatilgan uyg‘ur tanburi, surnay, nay, kumush naqshli baxshilar do‘mbirasi, magnit tasmalar, ko‘p yillik magnitofonlar bor.
[gallery-21198]
– Mana bu tanbur ham men uchun juda qadrli. Qadrliligi shundaki, aynan shu tanburni xalqning suyukli va ardoqli san’atkorlari mahorat bilan chalgan, – deydi Rasuljon ota qo‘liga eski tanburni olib. – Ushbu tanburni toshkentlik taniqli usta Zufarovlarning bobosi 1950-60 yillarda Jo‘raxon Sultonov uchun maxsus yasab bergan. Bu tanburni Jo‘raxon Sultonovdan Orifxon Hotamov olgan. Keyin Rasulqori Mamadaliyev chalgan. Undan keyin “Farg‘ona tong otguncha” qo‘shig‘ining muallifi Abdulatif Xoldorovga tekkan. Endi esa mening qo‘limda...
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E10J8hhsH5w" title="Uyida muzey ochgan otaxon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, uy-muzeydan so‘zana, qo‘lda tikilgan qadimgi gul-sochiqlar, choponlar, zarbof liboslar, arab harflaridan naqsh qilib ishlangan kumush taqinchoqlar, paranjilar, juda ko‘p noyob kitoblar ham joy olgan.
Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA