Uychida “Oila va xotin-qizlar maskani” ochildi
Mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi doirasida oila va jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sanalgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Namangan viloyati Uychi tumanida faoliyatini boshlagan “Oila va xotin-qizlar maskani” ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tuman markazida tashkil qilingan ushbu maskanda kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka ko‘maklashish, fitnes va raqs, psixolog va yurist, bolalar, tibbiyot, oila qurish arafasida turgan yoshlarni turmushga tayyorlash kabi o‘nga yaqin yo‘nalishlarga oid xonalar mavjud. Bu yerda “Ibrat” o‘quv markazining axborot kommunikatsiya texnologiyalariga o‘rgatish filiali ham o‘z faoliyatini boshlab, endilikda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun o‘quv kurslari bepul yo‘lga qo‘yiladi.


– Uch yildan buyon chevarchilik yo‘nalishida yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman, o‘tgan davrda mingdan ortiq ayol-qizlarga hunar o‘rgatdim, – deydi Ra’no Mavlonova. – Endilikda tumanimizda ochilgan yangi maskanda bu qamrovni yanada oshirishni reja qilganmiz. Kasb-hunar guruhlarida tikuvchilik kurslari bepul o‘qitiladi.



Kasb-hunar markazining tantanali ochilishida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov yosh yigit-qizlarni katta hayotga tayyorlashda, oilalar mustahkamligi va xotin-qizlar bandligini ta’minlashda, salomatligini yaxshilashda bu kabi maskanlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA