Uy-joyiga zarar yetgan oilalar qaysi turdagi davlat yordamini olishi mumkin?
Tabiiy ofatlar yoki texnogen hodisalar bir lahzada insonning yillar davomida barpo etgan uy-joyiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Bunday vaziyatlarda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam oilalarning uy-joyini tiklash, turmushini qayta yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, belgilangan mezonlarga javob beradigan fuqarolarga uy-joyni ta’mirlash uchun 61 million 800 ming so‘mgacha ijtimoiy yordam ajratilishi mumkin.
Ijtimoiy yordam yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqa tabiiy yoki texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan uy-joylarni tiklash uchun beriladi.
Xo‘sh, qanday hujjatlar talab qilinadi?
Bu borada yong‘in holatida Davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan ma’lumotnoma, suv toshqini, zilzila va boshqa tabiiy ofatlarda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-noyabrdagi tegishli qarori asosida tuzilgan ishchi guruhning zararni aniqlash va baholash dalolatnomasi kabi hujjatlarni tegishli tartibda topshirish lozim.
Ijtimoiy yordam olish uchun oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan bo‘lishi, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki barobaridan oshmasligi kerak. Hozirgi kunda minimal iste’mol xarajatlari bir kishi uchun oyiga 715 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 1 million 430 ming so‘mdan oshmasligi muhim.
Yordam turi tariqasida Ijtimoiy yordam bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 150 baravarigacha, ya’ni 61 million 800 ming so‘mgacha berilishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda ushbu yordam bir necha marta ham ajratiladi.
Ta’mirlash uchun mablag‘ tuman (shahar) hokimliklari shakllantirgan ro‘yxat asosida tegishli jamg‘armaga o‘tkaziladi, ta’mirlash ishlari mahalliy obodonlashtirish boshqarmasi yoki “Mahalla servis kompaniyasi” tomonidan bajariladi, fuqaro uyini o‘zi ta’mirlashni istasa, unga ijtimoiy yordamning 85 foizigacha qiymatda qurilish materiallari xarid qilish uchun vaucher beriladi. Bu vaucher orqali qurilish materiallari elektron savdo platformasida xarid qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA