Uy-joy siyosatida zamonaviy yondashuvlar va xalqaro hamkorlik
Iqtisodiyot va moliya vazirligida shaharlashish jarayonlari hamda uy-joy sektorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, BMT-Xabitatning Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqalararo maslahatchisi Katya Shafer, uy-joy va shaharsozlik masalalari bo‘yicha ekspert Karolina Gulordava ishtirok etdi.
Tadbir davomida shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini keng joriy etish va xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, BMT-Xabitat ko‘magida Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan pilot loyihaning joriy holati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Loyiha doirasida shahar hududlarini samarali rejalashtirish, infratuzilmani takomillashtirish, aholi ehtiyojlariga mos yashash muhitini shakllantirish va barqaror shaharsozlik tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida aholi sonining o‘sishi va iqtisodiy islohotlar sharoitida energiya tejamkor va zamonaviy uy-joylar fondini kengaytirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ijtimoiy inklyuzivlikni ta’minlash hamda hududlarni kompleks rivojlantirish ustuvor vazifalardan ekani aytib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda uy-joy siyosati faqat turar joylar qurish bilan cheklanmaydi. U insonlar uchun xavfsiz, qulay va barqaror shahar muhitini yaratish, sifatli infratuzilma va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi. Shu nuqtai nazardan, shaharlarni rejali rivojlantirish va xalqaro tajribalarni keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir yakunida uy-joy masalasi aholi turmush sifatini yuksaltirish, oilalar farovonligini ta’minlash va barqaror shahar muhitini shakllantirishning muhim omillaridan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur muloqot davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shahar va hududlarni zamonaviy, qulay hamda inklyuziv rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tashi qayd etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA