Ustyurtda geologiya-qidiruv ishlarining navbatdagi bosqichi belgilandi
Toshkent shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt mintaqasidagi investitsiya bloklari bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, tegishli vazirlik va idoralar, Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi hamda “BP” xalqaro kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda bitim doirasida 2025-yil va 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarining keyingi bosqichlariga oid rejalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, “Boyterak”, “Terengquduq”, “Birqori”, “Xaroy”, “Qoraqalpoq” va “Qulboy” investitsiya bloklarini qamrab olgan hududda 3D dala seysmik-qidiruv ishlari to‘liq yakunlangan.
Olingan seysmik ma’lumotlar Ustyurt mintaqasidagi istiqbolli neft va gaz ob’ektlarining geologik tuzilishi va uglevodorod salohiyatini yanada chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelgusi davrda olingan seysmik ma’lumotlarni maxsus qayta ishlash va geologik tahlil qilish ishlariga kirishiladi. Shu bilan birga, navbatdagi muhim vazifa sifatida qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlariga tayyorgarlik ko‘rish nazarda tutilgan.
Muhokamalar yakunida tomonlar Ustyurt mintaqasining uglevodorod resurslarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi. Bunda hududning neft-gaz salohiyatini chuqur baholash, istiqbolli ob’ektlarni aniqlash va loyiha doirasida belgilangan ishlarni jadallashtirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA