Ustuvor vazifalar muhokamasi
Xorazmda 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Xorazmda 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimi P.Bobojonov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyatda iqtisodiy o‘sish ta’minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 11,7, xususan, sanoat tovarlari ishlab chiqarish 47,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,8, qurilish ishlari 13,1, chakana savdo aylanmasi 9,3, jami xizmatlar 16,4 foizga o‘sdi.
Bandlik dasturi bo‘yicha 60 ming 600 ish o‘rni tashkil etildi. Kollej va oliy ta’lim muassasalarining 28,1 ming nafardan ziyod bitiruvchisi ishga joylashtirildi.
Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 665,3 milliard so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilishi natijasida 12,6 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbarining “2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2013-2014-yillarda 262 sanoat korxonasi ishga tushirildi. Natijada o‘tgan yili bu sohada mahsulot ishlab chiqarish 1,6 trillion so‘mga yetkazilib, 2008-yilga nisbatan 2,3-marta oshishiga erishildi.
Hazorasp tumanining Pitnak shahrida “Damas” va “Chevrolet Orlando” mashinalarini yig‘ishga mo‘ljallangan liniya faoliyat boshladi. Urganchdagi “Urganch ekskavator” korxonasi bazasida Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda 18,2 million dollar investitsiya kiritish hisobiga yillik quvvati 200 dona gidravlik ekskavator va buldozerlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, Markaziy Osiyoda yagona “UzXMG” qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Ikki yuz kishini ish bilan ta’minlash imkonini bergan ushbu korxonada o‘tgan yili 155 dona, boshqacha aytganda, 18,4 million dollarlik ekskavator va buldozer tayyorlandi.
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 365,7 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Yalpi hududiy mahsulotda mazkur sektorning ulushi 2000-yildagi 34,2 foizdan 73,9 ga o‘sdi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda xizmat ko‘rsatish va servis sohasi muhim omil hisoblanadi. 2014-yili viloyatda tegishli dasturlar ijrosi doirasida mingga yaqin shunday obyekt faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning tegishli qarorlariga binoan qurilish va obodonlashtirish ishlari davom ettirildi. Xususan, Urganch shahrida 25 ko‘p qavatli turar joy, 101 ta 2 qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Yig‘ilishda ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotgani ta’kidlanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Xorazm viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.