Ustozlarga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi
O‘zbekiston davlat sport akademiyasida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘lgan ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston davlat sport akademiyasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyev professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda ta’lim va sport sohasi fidoyilarining yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, bilim va salohiyatini yuksaltirish, yuqori natijalarga erishishida o‘rni beqiyosligini ta’kidladi.

Bayram tadbirida ta’lim va sport sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan ustoz va murabbiylarning fidokorona faoliyati, yoshlar tarbiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasi hamda mamlakat sporti rivojidagi xizmatlari e’tirof etildi.

Tadbir davomida sport sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA