Ustozlar uchun tajriba va muloqot maydoni (+video)
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostidagi an’anaviy III Ustozlar milliy forumi viloyatdagi soha mas’ullari hamda faol pedagoglarning o‘ziga xos tajriba va muloqot maydoni bo‘ldi. Ikki kun davom etgan forumda yangi o‘quv yili oldidan ilg‘or metodikalar va sohadagi yangiliklar bilan tanishildi, ta’lim sifatini yanada oshirish borasida takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Sh.Rahimov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Dolimov mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish hamda yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi vazifalar xususida so‘z yuritdi.
Viloyatda xalqaro tajribani keng yo‘lga qo‘yish, Yaponiya va Singapur ta’lim tajribasini ommalashtirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilayotir.
Bugungi kunda umumta’lim maktablarida o‘quvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatdagi 52 ta umumta’lim maktabi, 9 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 397,5 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirilyapti. Viloyat hokimligi tomonidan ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun 14,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ham ta’limga bo‘lgan e’tibor samarasidir.
[gallery-18803]
Farg‘onalik o‘qituvchilar ta’lim sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.O‘tgan o‘quv yilida 111 nafar pedagog yuqori ball to‘plab, Vazir jamg‘armasi ustamasini olishga muvaffaq bo‘ldi.
–Ta’lim darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan, –deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov.–Har bir shahar va tumandagi bittadan maktabda Yaponiya ta’lim tizimi tajribasi joriy etilmoqda. 19 ta tuman va shaharda ta’lim sifati va samaradorligi yuqori bo‘lgan maktablar tanlanib, ushbu maktablar ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirildi. O‘tgan o‘quv o‘quv yilida Prezident va ixtisoslashgan maktablarning o‘qitish va baholash tizimi viloyatimizdagi 36 ta maktabda tajriba-sinovidan o‘tkazildi. Yangi o‘quv yilidan bu baholash tizimi joriy etiladigan maktablar sonini 71 taga ko‘paytirish hamda viloyat bo‘yicha 107 taga yetkazish belgilangan. Mazkur yil yakuniga qadar 15 ta nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
400 nafar ilg‘or pedagog ishtirokida shu’balarga bo‘lingan holda ikki kun o‘tkazilgan seminar-treninglar barchada katta taassurot qoldirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Fw-FZkVa2ZM" title="Ustozlar uchun tajriba va muloqot maydoni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat,video), O‘zA