“Ustozlar milliy forumi”da yangi o‘quv yili rejalari
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi” shiori ostida “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tdi.
Viloyat markazi hamda barcha tumanlardan kelgan uch yuzdan ziyod pedagoglar hamda tizim xodimlari ishtirokidagi tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov Yangi O‘zbekistonning istiqboli va taraqqiyot yo‘li, ta’lim sohasi, ertamiz egalarining har jihatdan yetuk, barkamol va salohiyatli, zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan o‘g‘il-qizlar bo‘lib kamol topishiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, joriy yilda viloyatdagi 50 ta ta’lim muassasasi investitsiya dasturiga kiritilib, shundan bitta yangi ixtisoslashgan maktab qurish, 33 ta maktab rekonstruksiya va ikkita yangi bog‘cha qurish, 14 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish uchun 359 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Quvonarlisi, Prezidentimiz sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, jami 850 million so‘m pul mukofoti hamda Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohati imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, shu yili maktabni tamomlagan bitiruvchilarning 3 ming 512 nafari xorijiy va yurtimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga muddatidan avval o‘qishga qabul qilindi.

Forum davomida, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi mas’uliyati, kelgusidagi muhim vazifalar xususida so‘z yuritdi. Ya’ni, o‘tgan o‘quv yili saboqlaridan kelib chiqqan holda, 2025-2026 yil – “Ta’lim sifatini oshirish o‘quv yili”da fan olimpiadalarida namanganlik o‘quvchilarning ko‘rsatkichlarini yaxshilashga e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

– Yangi O‘zbekistonning jadal rivoji, ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning samaradorligiga bog‘liq. Bundan ikki yil avval Prezident bilan muloqotda shogirdlarimni fan olimpidalari hamda oliy ta’limdagi qamrovini oshirishga so‘z bergandim, – deydi Norin tumanidagi 37-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi, ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Adolat Isoqova. – Ahdimni bajarish uchun astoydil intilishlarim samara berdi. O‘quvchilarimdan Azizbek Valijonov Toshkent davlat tibbiyot institutiga davlat granti asosida birinchi o‘rinda qabul qilindi. Davlat rahbariga bergan taklifim e’tiborga olinib, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarini yangi bitirgan yosh kadr muallimlarni “Ustoz-shogird” an’analari asosida biriktirilgan holda, ularni kasbiy sertifikatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir yakunida, ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, viloyatda ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan o‘qituvchilar va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.