Ustoz rassomlar ijodi – mahoratning chin maktabi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev tavalludining 90 yilligini keng nishonlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “O‘zbekiston tasviriy san’at rivojida Ro‘zi Choriyev ijodining o‘rni va ahamiyati”mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, mazkur institut rektori Nodirbek Sayfullayev o‘zbek milliy san’ati, xususan, rangtasvir san’atining rivojlanishi professional badiiy ta’limga yo‘naltirilgan «Ustoz-shogird» an’analari bilan bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidladi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – Chingiz Axmarov, Qutlug‘ Basharov, Rahim Axmedov, Ro‘zi Choriyev kabi ulug‘ rassomlarning ijodiy merosini targ‘ib qilish, ularning badiiy ta’limga qo‘shgan ulkan hissasi, milliy rangtasvir san’atidagi o‘rnini tadqiq etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Anjumanda O‘zbekiston xalq rassomlari, yurtimizning taniqli san’atshunoslari, yosh olimlar, tadqiqotchilar hamda O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev bilan birga faoliyat olib borgan soha namoyondalari o‘z ma’ruzalari, rassom ijodining yurtimiz tasviriy san’ati rivojida tutgan o‘rni haqidagi fikr-mulohazalari, shuningdek, ijodkor to‘g‘risidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
– Ro‘zi Choriyev zabardast, fusunkor musavvir, xalq turmushidan olingan hayotiy lavhalarni ham zavqqa to‘lib, ishtiyoq bilan, mayda tafsilotlarigacha tasvirlagan rassom hisoblanadi, – dediO‘zbekiston xalq rassomi, professor Bahodir Jalolov.–Uning asarlaridagi hayotiy mavzular, ularning mohirona talqini san’atda dunyoviy, xalqchil ma’no kasb etadi hamda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Shuning uchun ham bu san’at madaniyatimiz tarixi bilan shug‘ullanuvchi san’atshunoslar tomonidan chuqur va atroflicha tadqiq etishga loyiq,
O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya rassom ijodi haqida yoshlarga to‘liq ma’lumot berish, ijodkorning asarlari haqida ilmiy mushohada qilish, ustozning pedagogik tajribalarini o‘zlashtirishda muhim manba vazifasini bajaradi.

– O‘zbek rassomlik maktabining shakllanishida Ro‘zi Choriyevning ham o‘rni alohida.U yaratgan asarlar bugungi kunda ham tomoshabinga estetik zavq ulashishi barobarida, yosh ijodkorlarning shakllanishida muhim amaliy bosqich vazifasini bajarmoqda, –deya o‘z fikrlarini bildirdi institut yosh o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Gulra’no Orifjonova. – bugungi konferensiya esa uning ijodi va hayoti haqida yangi fikrlar, yangi ma’lumotlarga boyligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.O‘ylaymanki, bu yerda qatnashgan har bir ijodkor yoki tadqiqotchi, albatta, o‘zining kelgusi ijodi va tadqiqotlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Konferensiya ma’ruzalari to‘plam sifatida nashr etiladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyevning: “San’at – bu harakat, his qilmoq. Rassomni his-tuyg‘ulari hech qachon aldamaydi. Chunki, his-tuyg‘ular hayotiy tajribalardan “oziqlanadi” deb yoshlarga uqtirganlarida katta ma’no borligi tabiiydir.
N.Usmonova, O‘zA