Ustaxonada hunar o‘rganayotgan qizlar
Sirdaryo viloyati Arxitektura va qurilish texnikumi qoshidagi “Qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi”da yigitlar bilan bir qatorda xotin-qizlar ham “Santexnika ishlari ustasi”, “Bo‘yoqchi-bezakchi”, “Duradgor”, “Elektrogazpayvandchi”, “Elektromontajchi” va “Kran mashinisti” yo‘nalishlaridagi qurilish sohasiga oid zamonaviy hunarlarni o‘zlashtirmoqda.

– Santexnika ishlari ustasi bo‘lishga qiziqaman, – deydi markaz tinglovchisi Shahnoza Mahmasafoyeva. – Barcha sharoitlar yaratilgan, uch mahal issiq ovqat, yotoqxona va stipendiyalar o‘z vaqtida beriladi. Ustozimiz kasb sirlarini mukammal o‘rgatmoqda. Kelgusida o‘rgangan kasbim orqali Vatanimiz, oilamiz uchun ham foyda keltiraman. Bu sohada faqat erkaklar ishlaydi degan fikrga qo‘shilmayman, odamda qiziqish bo‘lsa bas. Misol uchun markazda tengdosh qizlarimiz ham kasb-hunar o‘rganib kelmoqda.


Hunarmandchilik, kasb-hunar o‘rganish tarixi qadim o‘tmishga borib taqaladi. bugungi kunda yurtimizda har qanday kasb bilan shug‘ullanish, uni o‘rganish uchun barcha sharoitlar bo‘lib — u zamonaviy yoki qadimiy tarixga ega bo‘lishidan qat’i nazar odamlarga naf keltirishi bilan birga, ularning turmush darajasini ham o‘zgartirishga xizmat qilmoqda. Shunday ekan, yigitlar qatorida qizlar ham ustachilikni o‘zlashtirmoqda.
Sh.Suyarov,
F.Toshmatov (surat), O‘zA