“Ushot” hunarmandlar mahallasi
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Ushot qishlog‘i tandirsozlikda dovruq qozongan. Qishloqda tandirsozlik an’analarini davom ettirib kelayotgan oilalar ko‘p. G‘aybullo Mo‘minov, O‘lmas Musayev, aka-uka Jamshid va Jamil Jabborov, Orif Boltayevlarning oilaviy sulolalari shular jumlasidandir.
– Eng yaxshi tandir bug‘doy o‘rimi paytida yasaladi, – deydi hunarmand tandirsoz G‘aybullo Mo‘minov. – Chunki jazirama issiq kunda loy yaxshi quriydi. Takror ishlovdan so‘ng zarang qotgan tandirni chertib ko‘rsangiz, jarangdor ovoz chiqaradi. Xaridorlar esa tandirni aynan jaranglagan ovoziga qarab tanlashadi.
Bugungi kunda ham tandirsozlik hunari eskirmagan, “ustoz-shogird” an’anasi asosida navqiron avlod qo‘lida sayqal topmoqda. Birgina Ushot qishlog‘ida hozirda 150 dan ziyod oila ushbu kasb-kor bilan shug‘ullanmoqda. Ular tomonidan har yili 20 ming donadan ortiq tandir tayyorlanib, nafaqat viloyat tumanlari, mahalla va qishloqlariga, boshqa viloyatlarga ham buyurtma asosida tayyorlab yetkazilmoqda.
O‘ziga xos hunarmandlar qishlog‘i Ushotda tandirsozlikdan tashqari nafis kashtachilik, so‘zanachilik, zardo‘zlik san’ati ham rivojlangan. Shuningdek, ushotlik qandolatpazlar tomonidan tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari, milliy shirinlik va holvalarning ham xaridorlari ko‘p. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib “Ushot— hunarmandlar mahallasi” tashkil etilmoqda.
[gallery-16852]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.