Urush yillaridagi hayot koʻz oldimda gavdalandi...
Bugungi dorilomon kunlarga eson-omon yetib kelishning oʻzi katta baxt.
Munosabat
Bugungi dorilomon kunlarga eson-omon yetib kelishning oʻzi katta baxt. Bu yilgi bayram esa hayotimdagi unutilmas kun desam xato boʻlmaydi. Dastlab davlat rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan azim poytaxtimiz Toshkent shahrida muhtasham Gʻalaba bogʻini ochilishini oynai jahon orqali oʻgʻil-qizlarim, nevaralarim bilan tomosha qildim.
Bogʻdagi Oʻzbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va matonati aks etgan manzarani koʻrib urush yillaridagi hayot koʻz oldimda gavdalandi.
U yerda qisqa muddatda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganligiga xam guvoh boʻldim. Bogʻda barpo etilgan har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida Gʻalaba bogʻi, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari meni oʻsha mudhish urush yillaridagi voqealar sari yetakladi.
Eng quvonarlisi viloyat rahbarining xonadonimda boʻlib, bayram bilan tabriklagani. Davlat rahbarining bayram tabrigini oʻqib eshittirib mening koʻksimga Prezidentimiz nomidan “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 75 yilligi” esdalik yubiley medalini taqib qoʻygani boʻldi. Chunki, koʻpdan beri davom etib kelayotgan pandemiya sabab bu yilgi bayram oʻtmasa kerak, deb oʻylagandim.
Xursandchiligimning yana bir isboti davlat rahbarining biz urush qatnashchilariga tabrigini videoaloqa orqali yoʻllanganligidadir. Xayolimda xuddi davlat rahbari bizni oldimizda turib bizni tabriklayapti.
Karantin sharoiti boʻlsa-da barcha zarur choralar koʻrilib, mana shunday chiroyli bayram tadbiri uyushtirilganidan boshimiz koʻkka yetdi.
Bunday tinch va farovon turmushni, yurtimiz ozodligi va obodligini koʻrish koʻplab quroldoshlarga nasib etmadi. Yaratganga behisob shukr, el-yurt ardogʻida shunday tabarruk yoshga yetish baxti nasib etdi. Dorilomon kunlarga yetganimga shukur qilaman.
Habib Valiyev,
Ikkinchi jahon urushi faxriysi,
Buxoro shahri