Urush faxriysiga Prezident tabrigi yetkazildi
Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yakubov va O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti raisi o‘rinbosari polkovnik Nurmuhammad Mulabayev boshchiligidagi bir guruh mutasaddi shaxslar poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Qodirov ko‘chasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi Yevdokiya Nesterova holidan xabar oldi.
Uchrashuvda dastlab J.Yakubov davlatimiz rahbarining 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan urush faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. So‘ng prezident farmoniga muvofiq 97 yoshli faxriy onaxonga 12 million so‘m miqdordagi pul mukofoti hamda Qo‘mondonlik va «Vatanparvar» tashkilotining sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Uchrashuv davomida, ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, harbiy solist podpolkovnik Marat Hakimovning urush davriga oid qo‘shiqlarining kuylashi davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Shuningdek, mehmonlar safida kelgan shifokorlar Yevdokiya Nesterovani qisqa tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
«Vatanparvar» tashkiloti Matbuot xizmati