Urug‘liklar sifatini baholashda yangi tizim
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash bo‘yicha yangi, shaffof va raqamlashtirilgan tizim joriy etilmoqda.
Yangi tizimga ko‘ra, barcha urug‘lik qadoqlari QR-kodli raqamli yorliqlar bilan ta’minlanadi. Mazkur kod orqali iste’molchilar urug‘lik haqidagi barcha ma’lumotlar – nav tavsifnomasi, navdorlik va ekinboplik sifatlari, ishlab chiqaruvchi tashkilot va boshqa texnik ko‘rsatkichlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tizim doirasida urug‘liklarning sifatini baholash bo‘yicha “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilandi. Yangi tizim ikki bosqichli baholashni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda – urug‘liklarning navdorlik, ikkinchi bosqichda ekinboplik sifatlari baholanadi.
Bu fermerlar, dehqonlar va tomorqa yer egalarining sifati kafolatlangan va raqamli yorliqlangan urug‘liklarni xarid qilishini ta’minlaydi.
Yangi tizim doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi sub’ektlarning yagona reyestri, shuningdek, urug‘lik sifatini baholash natijalari bo‘yicha shakllantirilgan reytinglar agroxizmat.uz rasmiy veb-sayti orqali omma uchun ochiqlanadi.
Ushbu tizim ISTA (International Seed Testing Association) va OECD (Organisation for Economic Co-operation and Development) kabi xalqaro tashkilotlar talablariga muvofiq tarzda ishlab chiqiladi. Shu asosda me’yoriy hujjatlar ham qayta ko‘rib chiqiladi. Yangi tizim joriy etilishi bilan eksportbop, yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri