Urgutdan Samarqandga poyezdda
Prezident tashrifidan so‘ng
Bugundan yo‘lovchilar uchun “Samarqand – Urgut” va “Urgut – Samarqand” yo‘nalishida poyezd qatnovi boshlandi. Yangi qatnovning ilk yo‘lovchilari viloyat va Urgut tumani faollari, nuroniylar va yoshlar bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida faollar bilan birga Samarqand shahridan Urgut tumaniga ilk bor yangidan bunyod etilgan temir yo‘l orqali poyezdda bordi. Va shu tarzda 25 noyabr Urgut va urgutliklar hayotida muhim tarixiy sana sifatida tarixga muhrlandi. Endi urgutliklar Samarqand shahriga poyezdda borib-kelishlari mumkin. Mehmonlar uchun ham viloyatning ushbu go‘zal maskaniga poyezdda kelib-ketish uchun imkoniyat yaratildi.
Aslida, Urgutga temir yo‘l tortish tuman ahli, ayniqsa, tadbirkorlarning bir necha yillik orzusi edi. Bu haqda katta-kichik davralarda aytilar, ammo mablag‘ masalasi yuzaga chiqqanda bu reja ortga surilaverar, orzu orzuligicha qolaverardi.
– Bu yil urgutliklarning ko‘p yillik orzusi ushaldi, – deydi mehnat faxriysi Quddus Asqarov. – Hurmatli Prezidentimizning tumanimizni yanada rivojlantirish, aholi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishga bo‘lgan alohida e’tiborlari tufayli shu yilning fevral oyida “Samarqand – Urgut” yangi temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlandi. Shunda ham ayrimlar “bu ish qachon amalga oshadi endi, yana necha yil kutamiz” degan xayolga ham borgandi. Lekin juda qisqa fursat – 9 oyda 55 kilometr masofada temir izlari tashlanib, Urgutga birinchi marta poyezd keldi. Bu jarayonda Jartepa qishlog‘ida va Urgut tumani markazida vokzal binolari qurildi. Shu bilan tumanimizda yo‘lovchi va yuk tashishning yangi imkoniyati paydo bo‘ldi. Kecha Prezidentimiz ushbu temiryo‘l orqali Urgutga keldilar va vokzalda biz nuroniylar, faollar bilan uchrashib, barchamizni yangi poyezd qatnovi bilan tabrikladilar. Biz ham o‘z navbatida u kishiga minnatdorlik bildirib, ezgu niyatlarimizni bildirdik. Bugun endi o‘zimiz shu yangi poyezdning ilk yo‘lovchilari sifatida Samarqandga yo‘l olyapmiz. Aytishim mumkinki, kechadan Urgut hayotida yangi sahifa boshlandi, xalqimiz juda ko‘tarinki kayfiyatda. Kecha Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urgutni yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab yangi tashabbuslar aytildi, yangilik va o‘zgarishlar tilga olindi. Biz nuroniylar ham bu ishlarni amalga oshirishga o‘z tajribamiz bilan hissa qo‘shamiz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga dalda bo‘lamiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi temir yo‘l orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoniyati mavjud. Mazkur yo‘nalishda ikki juft shaharlararo yo‘lovchi poyezdi hamda to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovi amalga amalga oshiriladi. E’tiborlisi, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan yurtimizga keladigan qardoshlarimiz Jartepa vokzali orqali Urgutga yoki Samarqand shahriga yetib olishlari mumkin bo‘ladi. Ayni paytda Jartepadagi chegara o‘tkazish maskani orqali kuniga 3-4 ming nafar tojikistonliklar yurtimizga kelib ketishini hisobga olsak, mazkur temir yo‘l ularning transport xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini birmuncha kengaytiradi. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.
Yangi poyezdning ilk yo‘lovchilari Urgut va Samarqand vokzallarida tantanali kutib olindi. Samarqanddan borgan faollar Jartepa va Urgut vokzallarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur hududlarda amalga oshiriladigan qo‘shimcha bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi.
[gallery-26425]
– Urgut viloyatimizning eng ko‘p aholi yashaydigan tumani hisoblanadi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi raisi Nigora Sa’dinova. – Albatta, bu yerda aholining transport xizmatiga ehtiyoji boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori. Shuning uchun Samarqand shahri va Urgut oralig‘ida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani urgutliklar uchun juda katta qulaylik bo‘ldi. Qolaversa, Urgutga yurtimizning boshqa hududlaridan va xorijdan turizm yoki tadbirkorlik maqsadida keladigan mehmonlar uchun ham poyezd arzon va qulay transport turi hisoblanadi. Biz ham ushbu poyezdning ilk yo‘lovchilari sifatida undan foydalanayotganimizdan xursandmiz.
Yangi poyezdda Urgutdan kelgan faollar, jamoatchilik vakillari uchun Samarqand shahri bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari