Urgutda yer soligʻi nega baland?
Urgutlik fermerlar bilan suhbatlashib qolganimizda “sugʻoriladigan yer uchun toʻlanadigan soliq stavkasi boshqa joylarga nisbatan bizda juda yuqori” deyishdi.
Urgutlik fermerlar bilan suhbatlashib qolganimizda “sugʻoriladigan yer uchun toʻlanadigan soliq stavkasi boshqa joylarga nisbatan bizda juda yuqori” deyishdi. Aytishlaricha, ilgari tumanda asosan tamaki yetishtirilgani va bu oʻsimlikdan manfaatdorlik yuqori boʻlgani bois, yer soligʻi ham ana shu daromaddan kelib chiqib, boshqa hududlarga nisbatan yuqori belgilangan.
– Oʻtgan asrning 90 yillarigacha tumanimizda 55-60 ming tonna tamaki yetishtirilardi va buning daromadi ham koʻp edi, – deydi koʻp yillar tumandagi jamoa xoʻjaligiga rahbarlik qilgan faxriy qishloq xoʻjalik xodimi Z.Ziyoyev. – Jamoa xoʻjaligi ham, xoʻjalik aʼzolari ham har yili yaxshi daromad qilardi. Oʻsha paytlarda yer soligʻi shundan kelib chiqib belgilangan. Ammo bugun vaziyat butunlay oʻzgardi. Hozir tuman boʻyicha 3 ming tonnaga yaqin tamaki yetishtiriladi. Fermerlarning ham, aholining ham mazkur tarmoqdan manfaatdorligi avvalgidek emas. Lekin sugʻoriladigan yerlar uchun soliq hisoblashda oʻsha yuqori stavka saqlanib qolgan.
Ana shu gaplar turtki boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi (PQ-4086) qarorining 16-ilovasi (Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari) bilan tanishib chiqdim. Sugʻoriladigan jamoat qishloq xoʻjalik yerlari uchun undiriladigan yer soligʻining bazaviy stavkalariga eʼtibor qaratdim. Birinchi toifali 1 gektar yer uchun soliqning bazaviy stavkasi viloyatimiz tumanlari orasida eng past koʻrsatkich Paxtachi va Nurobod tumanlarida (23316,40 soʻm) boʻlsa, eng yuqorisi Urgutda ekan – 51767,60 soʻm.
Tuprogʻining ball boniteti Urgutning yerlariga nisbatan yuqori boʻlgan Toyloq, Samarqand, Bulungʻur tumanlarida esa bu koʻrsatkich 27179,90 va 27979,00 soʻmni tashkil etar ekan.
Mamlakatimizning boshqa hududlari bilan taqqoslaganda ham Andijonning Paxtaobod tumanidan keyin Urgutda sugʻoriladigan jamoat qishloq xoʻjalik yerlari uchun undiriladigan yer soligʻining bazaviy stavkasi eng yuqori ekan.
Ayni paytda Urgut tumanida qishloq xoʻjaligida foydlaniladigan yerlarning asosiy qismi nasos stansiyalari orqali sugʻorilishini hisobga olib, ushbu masalani koʻrib chiqish kerakka oʻxshaydi.