Urgut tumanida Yoshlar festivali
30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan joriy yilning iyun oyi – Yoshlar oyligi etib belgilandi. Shunga ko‘ra, iyun oyi davomida respublikamizning barcha viloyat va shaharlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida “mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika” darajasidagi yoshlar festivallari, forum, tanlov va musobaqalar davom etmoqda.
Xususan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida o‘zbek milliy an’analari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan Yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Milliy va an’anaviy qadriyatlarni e’zozlash, yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni, jamiyatimizda esa tinchlik, millatlararo totuvlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqimizga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni yanada yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan festival Yoshlar ishlari agentligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Samarqand viloyati va Urgut tumani hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir Markaziy harbiy okrug harbiy orkestri, baxshilarning kuy-qo‘shiqlari, folklor jamoalarning chiqishlari bilan boshlandi.

Joylardagi pavilonlarda arqon tortish, milliy kurash va tosh ko‘tarish musobaqalari, shuningdek, milliy hunarmandchilik bo‘yicha ko‘rgazmali namoyishlar bo‘ldi. Yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, ular o‘rtasida mafkuraviy immunitet hamda jipslikni oshirish maqsadida harbiy psixologlar tomonidan turli tanlovlar, timbilding o‘yinlari o‘tkazildi.

Shuningdek, Okrug qo‘mondoni kubogi uchun uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi. Shiddatli va qiziqarli kechgan musobaqada er yigitlar tadbir kuzatuvchilariga chinakam tomosha zavqini berdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA