Universitetning ilmiy salohiyati yanada oshadi
Mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim olishi uchun keng imkoniyat va sharoit yaratilmoqda. Jumladan, 2021 yilda Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti, Fizika-matematika fakulteti negizida Axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etildi.
– Buxoro davlat universiteti tarkibiy tuzilmasida 30 ta bo‘lim va markazlar, 13 ta fakultet, 38 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi universitet rektori Obidjon Xamidov. – 2021 yilda 140 nafar yosh mutaxassislar ishga qabul qilindi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 30 foizga ko‘paydi. Talabalar soni 22 ming 994 nafarga yetdi. 2021-2022 o‘quv yilida 4 ming 240 nafar, jumladan, bakalavriatda 3 ming 490 nafar, 28 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 750 nafar talaba qabul qilindi. Universitet huzurida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi 14 ta ixtisoslik bo‘yicha jami 8 ta kengash faoliyat ko‘rsatadi. 2021 yilda universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlardan 13 nafari fan doktori (DSc), 43 nafari falsafa doktori (PhD) doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2022 yilda jami 60 nafar ilmiy pedagog-xodimlarning doktorlik dissertatsiyalari himoyalari rejalashtirilgan.

Universitetda 2021 yilda 10 ta xalqaro, 11 ta respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tdi. 2022 yilda 12 ta xalqaro, 12 ta respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Rahbar va pedagog-xodimlarning 259 nafari Respublika tarmoq markazlarida va 20 nafari xorijiy OTMlarda malaka oshirdi. 45 ta kadrlar buyurtmachilari bilan o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv rejalar ishlab chiqildi. 10 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari va ish beruvchi tashkilotlarda amaliy mashg‘ulotlar hamda talabalar amaliyoti samarali tashkil etildi.
bugungi kunda Buxoro davlat universitetida xorijiy hamkor tashkilotlar bilan 129 ta hamkorlik shartnomasi amal qilmoqda. Shartnomalar ilmiy hamkorlik, o‘zaro talaba va o‘qituvchi almashish, konferensiya va tadbirlar tashkil qilish kabi tadbirlarni qamrab oladi. 2022 yil davomida hamkorlik shartnomalari sonini 150 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Ayni paytda xorijlik talabalar soni 285 nafar bo‘lib, umumiy talabalar sonida 1,2 foizni tashkil etadi. 2021 yilda 36 nafar xorijlik talaba o‘qishni tugatib, bakalavr va magistr darajasiga ega bo‘ldi. Xorijlik talabalarning asosiy qismi turkmanistonliklar bo‘lib, so‘nggi yillarda Tojikiston, Rossiya, Indoneziya fuqarolari ham ta’lim olgan. Xorijda almashinuv dasturlari orqali ta’lim olayotgan talabalar soni 13 nafar bo‘lib, ular Italiya, Rossiya, Singapur va boshqa mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda.
O‘zaro mehnat shartnomalari tuzilgan va dars jarayonlarini olib borayotgan xorijlik o‘qituvchilar soni 45 nafar bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha universitet respublikamiz oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. 2021-2022 o‘quv yilida ular soni 70 nafardan oshishi kutilmoqda. 2021 yil davomida 51 nafar professor-o‘qituvchi malaka oshirish va stajirovkadan o‘tish uchun AQSH, Rossiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga yuborildi. 2022 yilda 80 nafar professor-o‘qituvchi va xodimlarning xorijda malaka oshirishi rejalashtirilgan. Xorijiy hamkorlar bilan 13 ta qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda ulardagi talabalar soni 300 nafarga yaqin. 2021-2022 o‘quv yilida 42 ta mutaxassislik fani ingliz tilida o‘qitilmoqda. 14 ta xalqaro grant loyihalari amalga oshirilmoqda. 2021 yil davomida 49 ta xorijiy delegatsiya universitetga tashrif buyurib, 76 marta xalqaro tadbirlar o‘tkazilgan.
Moliyaviy va akademik mustaqillik natijasida 2022 yildan boshlab bo‘lg‘usi professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchilarni xorij universitetlarida maqsadli tayyorlash bo‘yicha tizim ishlab chiqiladi. Shuningdek, hudud ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 4 ta yangi qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Buxoro davlat universiteti ilmiy salohiyatini 34 foizga oshirish, iqtidorli yoshlarni ilm-fan sohasiga yo‘naltirish, ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Ilmiy-innovatsion ishlanmalar hamda loyihalarni tijoratlashtirish salmog‘ini oshirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro ilmiy va uslubiy hamkorlikni, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomalari sonini 150 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘zaro mehnat shartnomalari tuzish orqali dars berish hamda ilmiy tadqiqotlarga rahbarlik qilish maqsadida jalb etiladigan xorijlik olimlar sonini 70 nafarga oshiriladi. 80 nafar professor-o‘qituvchi malaka oshirish va stajirovkadan o‘tish uchun yetakchi xorijiy universitetlarga yuboriladi.
Zarif Komilov, O‘zA