Universitetda qabul jarayonlari boshlandi
Navoiy davlat konchilik universitetida 2023/2024 o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda universitet rektori Baxtiyor Mardonov 2023/2024 o‘quv yili qabulini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan qabul komissiyasi faoliyati, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, yangi o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti o‘rinlari soni 305 tani, magistratura bo‘yicha esa 71 tani tashkil etadi. Yaqin kunlarda to‘lov shartnoma asosidagi kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklidagi o‘rinlar soni ham tasdiqlanadi. Shuningdek, ayni paytda universitetning “Professional ta’lim”, “Logistika”, “Qurilish muhandisligi” kabi yangi yo‘nalishlariga ham hujjatlar qabul qilinmoqda.
[gallery-12452]
- 2000 yillarda 2,5 ming atrofida, keyinchalik esa o‘rtacha 4 ming nafarga yaqin talaba tahsil olgan bo‘lsa, ayni vaqtda ular soni 8 mingdan oshdi, - deydi universitet rektori B.Mardonov. - Yaqin yillar ichida esa universitetimizda 15 ming nafar yosh avlod ta’lim olishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga kelib bu yerda 300 nafarga yaqin pedagog kadrlar faoliyat olib bormoqda.
Universitetda 4 ta fakultetda 9 ta mutaxassislik, 6 ta nomutaxassislik kafedralari mavjud.
Bugungi kunda zamonaviy va shinam auditoriyalar, leksiya zallari, laboratoriya xonalari, kutubxonalar talabalar ixtiyorida. Universitet o‘quv binosining qariyb 60 foizi laboratoriyalardan iborat. 2018 yilda oliygohda 24 ta o‘quv hamda 3 ta ilmiy laboratoriya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 43 taga yetkazildi. 2024 yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 63 taga yetkazish ustida ish olib borilyapti.
Mazkur universitet yurtimiz oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingida 5-o‘rinni egallab turibdi. Oliygohning ilmiy salohiyati 55,3 foizni tashkil etib fan doktorlari soni 29 nafar, fan nomzodlari esa 121 nafarga yetdi.
Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar foydalanishlari uchun rektorat binosida, fakultetlarda va axborot resurs markazida “wi-fi” zonalar tashkil etilgan. Ayni vaqtda barcha fakultetlarda va rektorat binosida “smart” xonalari tashkil etish borasida ishlar olib borilyapti.
Shu bilan birga, universitet hududida 5 qavatdan iborat 400 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar yotoqxonasi qurilish ishlari olib borilyapti.
Matbuot anjumani so‘nggida jurnalistlar “Call center” faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ularga qabul komissiyasi kotibi Oybek Azimov komissiya ish tartibi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Anjuman davomida universitet mas’ullari OAV vakillarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA