Universitetda ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi
“Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etaylik” shiori ostida Qarshi davlat universitetida keng ko‘lamli ko‘chat ekish aksiyasi tashkil etildi.
Aksiyada Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, volontyor yoshlar hamda talabalar qatnashdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur aksiya jarayonida universitet hududiga bugunning o‘zida ikki ming tupdan ortiq, xususan, qora qarag‘ay, eman, qayrag‘och, yapon saforasi, katalpa, bodom, o‘rik, olxo‘ri, gilos kabi manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlari ekildi.
[gallery-14487]
Respublikamiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganiga ikki yil bo‘ldi. Shu davr ichida ko‘plab bo‘sh turgan yerlarda mo‘’jazgina bog‘lar barpo etilib, katta yo‘l yoqalari manzarali va mevali daraxtlar bilan to‘ldi.
O‘lkamiz tobora yashillikka burkanmoqda. Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli ishlarda barcha idora va tashkilotlar vakillari, mahalla fuqarolari hamda yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Joriy yilning kuzgi daraxt ekish mavsumi 25 oktyabrdan start olgan bo‘lsa, 1 dekabrgacha davom etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari