Universitet va maktab hamkorligi mustahkamlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Geologiya fanlari universiteti tomonidan Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanlari xalq ta’limi bo‘limlari tasarrufidagi umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan olimpiada g‘oliblarini taqdirlash hamda o‘quv yili davomida matematika fani o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan 36 soatli metodik seminarda faol ishtirok etgan o‘qituvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni yetuk salohiyatli, ma’nan milliy ruhda tarbiyalash, xalqaro ta’lim standartlari darajasida ta’lim olishiga zamin yaratish, bugungi tezkor hayotga hamohang o‘stirish ustuvor vazifalaridan sanaladi.
[gallery-7320]
Ma’lumki, xalq ta’limi tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga oid muammolarni o‘rganish, ularni bartaraf etish, faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Hamkorlik doirasida, universitet tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yuqori sinf o‘quvchilari uchun master-klasslar, sayohatlar, matematika fanidan olimpiadalar tashkil qilinmoqda.
Shu bilan birga, umumta’lim maktablarining matematika fani o‘qituvchilari uchun 36 soatli metodik seminarlar tashkil etilib, universitetning malakali dotsentlari tomonidan tavsiyalar va matematikaning zamonaviy metodikalari bo‘yicha darslar berib borildi. Unda 200 dan ziyod o‘qituvchi o‘zining metodik ishlanmasi bilan ishtirok etdi. Ushbu ishlanmalar muhokama etilib, amaliyotga joriy etildi.
bugungi tadbirda yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika fani olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar taqdirlandi hamda metodik seminarlarda faol ishtirok etgan 80 ga yaqin o‘qituvchiga sertifikatlar topshirildi.
Nosirjon HAYDAROV (surat),O‘zA