Universiadasi yoshlar bahslashmoqda
Musobaqaning ikkinchi kunida ham 56 nafar sportchi gʻoliblik uchun dona surmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimi talaba yoshlari oʻrtasida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan Universiada oʻyinlarining shaxmat-shashka musobaqalari Navoiy shahrida qizgʻin davom etmoqda.
Musobaqaning ikkinchi kunida ham 56 nafar sportchi gʻoliblik uchun dona surmoqda.
Sport bellashuvini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida zarur sharoitlar yaratilib, talaba yoshlarning oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
– Albatta barchamiz bu yerga gʻolib boʻlish maqsadida kelganmiz, – deydi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Ozoda Husainova. – Doʻstlik va barkamollik bayramida talabalar bilan oʻzaro doʻstlashdik. Zero, sportdagi oltin qoida raqibni hurmat qilish, halol kurashish yakunda har qanday raqobatchini doʻstga aylantiradi. Imkoniyatlarim hozircha yomon emas. Gʻolib boʻlishga astoydil harakat qilyapman. Raqiblarim ham kuchli.
Darhaqiqat, joriy yilgi musobaqalar avvalgisidan mutlaqo farq qiladi. Ilgari, Universiada sport oʻyinlari doirasidagi musobaqalarga navbatma-navbat viloyatlar mezbonlik qilar edi. Endilikda, reja asosida sport bellashuvlari turlarga koʻra hududlarga boʻlinib, bitta sport turi boʻyicha musobaqalar muayyan bir viloyatda oʻtkaziladigan boʻldi. Bu sportchi yoshlarga qulaylik yaratib, sogʻlom raqobatni yuzaga keltirmoqda.