Umumta’lim maktablari reytingi e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumta’lim muassasalarining reytingi, hokimlar hamda ularning ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash natijalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 14 ta hududdagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9 ming 622 ta maktablar faoliyati tahlil qilindi. Tahlil natijalari asosida 2020 yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning ta’lim sifati bo‘yicha reytingi tayyorlandi.

– Reyting mezonlarini belgilashda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida e’tibor berilib, 4 ta yo‘nalishda 8 ta indikator asos qilib olindi, – deydi Ta’lim inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenbayev. – Reytingda eng yuqori o‘rinlarni Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri egallagan bo‘lsa, eng oxirgi o‘rinlarni Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari band etishdi.
Ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘yicha yuqori o‘ntalikdan Qorako‘l xalqaro matematika maktabi, Mingbuloq tumanidagi 13-sonli, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 4- va 17-sonli, Shahrixon tumanidagi 4-sonli, Marhamat tumanidagi 3-sonli, Kitob tumanidagi 1-sonli, Vobkent tumanidagi 6-sonli, Paxtaobod tumanidagi 21-sonli hamda Asaka tumani 42-sonli ixtisoslashtirilgan maktablar o‘rin olishdi.
Umumiy o‘rta maktablar reytingida yuqori TOP-10 likdan Navoiy shahridagi 11-sonli, Parkent tumanidagi 5-sonli, Mirobod tumanidagi 60-sonli, Davlatobod tumanidagi 58-sonli, Uchquduq tumanidagi 20-sonli, Pop tumanidagi 64-sonli, Narpay tumanidagi 6-sonli, Zarafshon shahridagi 1-sonli, Koson tumanidagi 72-sonli hamda Furqat tumanidagi 34-sonli maktab o‘rin oldi.
Bitiruvchilarning oliy ta’limga o‘qishga kirishi va o‘rtacha to‘plagan ballari bo‘yicha tuman va shaharlar miqyosida eng yuqori TOP-5 ta o‘rinlarni Navoiy shahri (31,3%, 79,5 ball), Uchquduq tumani (25,8%, 65,7 ball), Zarafshon shahri (25,8%, 71,2 ball), Qorovulbozor tumani (25,6%, 69,6 ball) va Qiziltepa tumani (24,28%, 69,8 ball) egalladi.
Oliy toifa o‘qituvchilari salmog‘i bo‘yicha, 7 ta maktabda oliy toifali o‘qituvchilar 50 foizdan ko‘proqni tashkil etadi, 109 ta maktabda 25 foizdan 50 foizgacha, 5 ming 819 ta maktabda 25 foizdan kam va 40 foiz maktabda mavjud emas.
Anjuman davomida reytingda yuqori natija ko‘rsatgan maktablar tajribasini ommalashtirilishi, reyting natijalaridan kelib chiqib, direktorlar va ularning o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho berilishi ta’kidlandi. Shuningdek, rahbar xodimlar, pedagog va o‘qituvchilarning faoliyati samaradorligini hisobga olib, moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantiriladi.
Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va metodistlariga, umumta’lim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta o‘rinlarni egallagan umumta’lim muassasalarining 2 nafar o‘qituvchilariga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar beriladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA