Umumta’lim maktabiga energiya tejamkor tizim joriy etildi
Boyovut tumani Mirishkor mahallasida joylashgan 29-sonli umumta’lim maktabida zamonaviy energiya tejamkor isitish tizimi ishga tushirildi.
Loyiha BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida Yaponiya hukumati tomonidan ajratilgan 200 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus doirasida eski, energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonxona o‘rniga zamonaviy, ekologik xavfsiz issiqlik nasoslari asosida ishlovchi yangi tizim barpo etildi. Ushbu texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, u sarflangan 1 kVt elektr energiya evaziga 3-4 barobar ko‘proq issiqlik energiyasi ishlab chiqara oladi. Shu bilan birga, yoqilg‘i yonish jarayoni mavjud emasligi tufayli atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi keskin kamayadi va ekologik xavfsizlik ta’minlanadi.
Asosiysi, yangi isitish tizimini foydalanishga topshirish munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko xonim hamda Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirok etib, loyihaning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar.
[gallery-29127]
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tizim joriy etilishi natijasida maktabda energiya sarfi 56 foizgacha qisqarishi kutilmoqda. Shuningdek, binoning energiya samaradorligi darajasi “D” (normal)dan “A” (juda yuqori) toifaga ko‘tarilishi ta’minlanadi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur loyiha nafaqat ta’lim muassasasida qulay sharoit yaratish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil taraqqiyot” tamoyillarini keng joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA