Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi...
Farg‘onada O‘zbekiston xalq shoiri, jamoat arbobi Enaxon Siddiqovaning xotirasiga bag‘ishlangan “Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda taniqli shoir va yozuvchilar, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Dunyoda shunday insonlar borki, doimo xalqimiz qalbida, yuragida yashaydi. O‘zbekiston xalq shoiri, Farg‘onaning fidoyi farzandi Enaxon Siddiqova shulardan biri edi. Opaning porloq xotirasi, samimiy chehrasi yodimizdan chiqqani yo‘q. U butun umrini ezgu ishlarga, go‘zal nazm va nasr bo‘stonini yaratishga bag‘ishladi.

Shoiraning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan, el-yurtimizga, azaliy qadriyatlarimizga, mehr va sadoqat tuyg‘usi mahorat bilan tarannum etilgan “Qorako‘z turnalar”, “Ko‘nglim ufqlari”, “So‘z ustidagi dunyo”, “E’zozli ayollar”, “Ona haqida qo‘shiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari o‘nlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.
Enaxon Siddiqova adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish, joylarda ilm-fan va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish borasida samarali xizmat qildi. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ o‘zbek shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda chinakam jonbozlik ko‘rsatdi.

Enaxon Siddiqovaning o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston xalq shoiri, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangandi. O‘tkazilgan tadbirlarda uning shunday ibratli umri, ezgu ishlari yodga olindi.
Mehmonlar Farg‘ona tumanidagi shoiraning xonadonida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan uy-muzeyi bilan tanishdi. Qabri ziyorat qilindi.
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyidagi tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev va boshqalar Enaxon Siddiqovaning adabiy merosi va ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritdi. Shoiraning she’rlari o‘qildi, asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

–Enaxon Siddiqovaning so‘zida ham sado, ham salobat, ham hikmat bor edi, – deydi O‘zbekiston xalq shoir Mahmud Toir. – U kimga qanday so‘z aytishni yaxshi bilardi, tinglovchiga so‘zini yetkaza olardi. U ona sifatida, ayol sifatida millatning dardini bilardi. Shu bois umrini fidoyilik bilan o‘tkazdi, halol mehnat qildi. She’riyatida ayolni, Vatanni ulug‘ladi.
Farg‘ona davlat universitetida davom etgan anjumanda ham uning adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, jamoat arbobi sifatidagi faoliyati e’tirof etildi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri