“Umid” markazi yoshlarga ko‘makdosh bo‘ladi
Innovatsiya bilim va g‘oyalarni mablag‘ga aylantiradigan, ilm-fan ravnaqi va taraqqiyotni yangi bosqichga ko‘taradigan manbadir.
Shu bois ham ta’lim tizimida yangicha innovatsion uslubdan foydalanish va uni amaliyotga tadbiq etish yangi yangi iikoniyatlar eshigini ochib beradi.

Xalq deputatlari Andijon tuman kengashi deputati, tadbirkor Nodirbek Malikov tashabbusi bilan tumandagi “Qum ko‘cha” mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, maktabda olgan bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida innovatsion loyiha asosida tashkil etilgan “Umid” o‘quv markazi mazkur yo‘nalishdagi o‘ziga xos ishlardan biri bo‘ldi.

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida faoliyatini boshlagan mazkur o‘quv markazi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda deputatlar, mahalla faollari, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini binosidagi bo‘sh turgan xonalarda ish boshlagan mazkur markazda yoshlar uchun ingliz, rus tili, shuningdek, axborot texonologiyasi va kompyuter savodxonligi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etildi. Mahalla yoshlari maktabdan keyin bo‘sh vaqtida mazkur to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashib, olgan bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, markazda tumanda samarali faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va yoshlar o‘rtasida muntazam muloqot o‘tkazib borilishi belgilangan. Bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish, ularning tadbirkorlik borasidagi bilim va tushunchalarni boyitib borishdir.

– “Umid” markazi mahallamiz yoshlariga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi, – deydi “Qum ko‘cha” MFY raisi Sirojiddin Sultonov. – Endilikda yoshlarimiz zamon talabiga mos ravishda maktabda olgan bilimlari hamda kompyuter savodxonligini mustahkamlab borish imkoniga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, markaz mahalla yoshlariga ko‘makchi bo‘ladi.

Kuy-qo‘shiqlar, raqslar, ko‘ngilochar o‘yinlar bilan bayramona ruhda o‘tgan tadbir yakunida loyiha tashabbuskori tomonidan faol yoshlardan uch nafariga markazda bepul o‘qish uchun sertifikat topshirildi. Kunning ikkinchi yarmida “Obod va ko‘rkam mahallam” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish shiori ostida o‘tkazilayotgan aksiya doirasida O`zLiDeP Andijon tuman kengashi qoshidagi faxriylar kengashi a’zolari, partiya faollari, deputatlari hamda yoshlar ishtirokida mazkur mahallada joylashgan 23-umumta’lim maktabi hududi begona o‘tlardan tozalannib, ko‘chatlar ekildi, daraxtlar oqlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA