Umarali Rahmonaliyev: Jahon chempionatiga boradigan bo‘lsam, borimni berib harakat qilaman
Futbolchi avvaliga klubdagi muvaffaqiyati haqida to‘xtalib o‘tdi va so‘ngra milliy jamoa haqida gapirdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Ozarbayjonning "Sabah" klubi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Futbolchi avvaliga klubdagi muvaffaqiyati haqida to‘xtalib o‘tdi va so‘ngra milliy jamoa haqida gapirdi.
“ Assalomu alaykum, barchaga. Oltin dublni qo‘lga kiritish-juda katta mehnatlar evaziga bo‘ldi. Bu osonlik bilan kelmadi. Juda katta jamoaviy ishlar orqali bunga erishdik. O‘ylaymanki, Alloh niyat qilganlarimizni nasib qildi”.
Jahon chempionatiga tayyorgarlikni qanday boshlaysiz?
“Endi bugundan tayyorgarlikni boshladik. Bugundan boshlab jamoaga qo‘shilamiz, murabbiylar bilan ishlaymiz va bor imkoniyatimizni, bor qobiliyatimizni maydonda ko‘rsatishga harakat qilamiz”.
Siz qanchalik raqobatga tayyorsiz?
"Raqobat har doim bo‘lgan. Ayniqsa, jahon chempionati oldidan raqobat yanada kuchaydi. Shuning uchun borimizni beramiz, davlatimiz sha’nini munosib himoya qilishga, bayrog‘imizni baland ko‘tarishga va salohiyatimizni jahon maydonlarida namoyish etishga harakat qilamiz. Bu oson emas, buning uchun yanada ko‘proq mehnat qilish kerak. Buyog‘i Allohdan. Yakuniy tarkibni murabbiy tanlaydi, agar mundialga boradigan bo‘lsam, borimni berib o‘ynayman", - dedi Rahmonaliyev.
Eslatib o‘tamiz, Umarali Rahmonaliyev "Sabah" bilan Ozarbayjon chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.