“Ulug‘bek” jamg‘armasi tanlov g‘oliblarini aniqladi
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, hududlarda madaniyat, san’at, ta’lim yo‘nalishlarini takomillashtirishga oid ko‘plab hujjatlar qabul qilindi.
Bu borada ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi e’tibor o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2021 yilning eng yaxshi maqolasi tanlovi ulardan biri.
Ushbu tanlovda O‘zbekiston Respublikasining barcha oliy o‘quv yurtlaridan talabalar, doktorantlar, Prezident va davlat stipendiyasi sohiblari ishtirok etdi. G‘oliblarning 6 nafari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tadqiqotchi va talabalari bo‘ldi.
“Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” ilmiy ishlar to‘plamiga ushbu talabalarning maqolalari kiritildi. Misol uchun, S.Ubaydullayevaning “Millat tafakkuri yog‘dusi”, N.Karimovning “Ajdodlar merosi bebaho xazina”, N.Mahmasabirovaning “O‘zbekistonda iqtisodiy klasterlarni shakllantirish va rivojlantirish masalalari” shular sirasidandir.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov O‘zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi direktori O.Salimov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
O‘zA