Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon
Poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldidagi maydonda 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tantanali marosim Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Bayram tadbirini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Xojimatov ochib berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligining 29 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Toshkent shahar hokimligi, turli davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan tantanali marosimda ham taniqli san’atkorlar, sportchilar, adabiyotshunoslar, harbiylar va yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz davlat ramzlari har birimiz uchun aziz va muqaddas ekani, ayniqsa, ular orasida ulug‘ xalqimizning mangu qo‘shig‘i – madhiyamiz qalblarimizdan chuqur joy olgani alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, qalb qo‘shig‘imizga aylangan madhiyamiz xalqaro maydonlarda ham O‘zbekiston nomini anglatib yangraydigan erkin va ozod ovozimizdir!
[gallery-5024]
Madhiyamiz tinchligimiz timsolidir. U bizni yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida birlashtirib, Yangi O‘zbekistonni ko‘z qorachig‘idek asrash, buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish, yuksak ishonch bilan kelajakka qadam tashlashga da’vat etadi.
1992 yil 10 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir, unga ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir.
Tadbir doirasida "Mening farzandim — O‘zbekiston faxri" aksiyasi o‘tkazilib, faol yoshlar va ularning ota-onalari taqdirlandi. "Vatanim madhiyasini kuylayman!" tanlovi g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sabohat SAIDRIZO,
O‘zJOKU talabasi.