“Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”
Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir.
O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari — Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu-shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.
O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetining asosi sifatida 1992 yil 10 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, davlat va millat ramzlarining konstitutsional asosi yaratildi.
O‘zbekicton Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kun hamda O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Bojxona instituti boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Vosid Ergashev, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, shoir A.Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa Oripova, O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar yer yuzida ikki yuzi ellikka yaqin davlatlar mavjud bo‘lib, har bir mamlakatning o‘z Davlat madhiyasi borligi, har bir madhiya o‘sha xalqning orzu-umidlari, ozodligini ifodalashini ta’kidladilar. Ular bilan bir qatorda aks sado berib turgan madhiyamiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.
Shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov so‘zi, Mutal Burxonov musiqasi ostida bastalangan xalqimiz qo‘shig‘ining ulug‘vorligi, o‘zida xalqimizning tarixiy orzu-umidlari yashashi, har bir Vatan farzandi Davlatimiz madhiyasiga munosib ehtirom ko‘rsatishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritdilar.
Tadbir davomida Bojxona institutining kursantlari tomonidan Vatanni madh etuvchi she’riy chiqishlar, xalqimiz e’zozidagi xonandalar tomonidan kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Toki Vatanimiz madhiyasi yangrar ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan madhiyasi yer kurrasi aro yangrayveradi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA