Uchta OTM birlashtirildi, talabalarni o‘qishga qabul qilish qachondan boshlanadi?
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni ko‘tarish orqali kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Fiskal instituti bitta oliy ta’lim muassasasiga aylantirilib, qayta tashkil etildi.
Mazkur hujjat bilan iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari bo‘yicha dunyodagi so‘nggi tendensiyalar, moliyaviy texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajriba va real iqtisodiyot talablarini hisobga olgan holda oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’lim va tadqiqot uyg‘unligini ta’minlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or innovatsion ishlanmalar yaratish, talabalarda tizimli tahlil qilish, kreativ fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar va simulyatsion markazlar tashkil etish orqali “ta’lim – fan – innovatsiya –raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini samarali yo‘lga qo‘yish kabi vazifalari belgilab berildi.
Shuningdek, universitetda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoni davlat tili, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarda olib boriladi. Bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda o‘qitiladigan guruhlar tashkil etiladi.
Ta’lim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi, ta’lim jarayoniga yetakchi professor-o‘qituvchilar hamda tegishli sohalarda kamida 5 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan iqtisodiyot, moliya va soliq tizimlarida ishlagan mutaxassislar jalb etiladi.
Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2024/2025 o‘quv yilidan boshlanadi. Bunda, davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilish davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA