Uchqo‘rg‘on qulupnaylari dunyo bozorida
Qulupnaychilik azaldan qishloq xo‘jaligida yuqori daromad keltiruvchi mahsulotlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, bu borada Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida katta mahoratga ega bo‘lgan hamyurtlarimiz talaygina.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi Uchqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida Navoiy mahallasidagi “Javlonbek Rayhona” xususiy korxonasi tomonidan ikki gektar maydonda gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnay plantatsiyasida bo‘ldi.

Tadbirkor Umidjon Ibragimovga qarashli ushbu plantatsiyada hozirgi kunda o‘ttiz kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Gidroponika usulida yetishtirilgan qulupnaylar mahalliy va xorijiy bozorlarga yetkazib berilmoqda. Xususan, bu mevaga Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Rossiya, hatto Yevropa mamlakatlarigacha buyurtmalar bor. Bu esa aholini ish bilan ta’minlashdan tashqari, hududning eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.

Viloyat hokimi qulupnaychilikdagi innovatsion yondashuvlarning ahamiyatini e’tiborga olib, kelgusida shunga o‘xshash tashabbuslarni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA