Uchko‘prikda lavanda festivali bo‘lib o‘tadi
Uchko‘prik tumanida faoliyat olib borayotgan «Mehrigiyo» kichik korxonasi Farg‘onaning «tashrif qog‘ozi»ga aylangan.
25 gektar maydonda godji, papayya, mushmula, qahva, kivi, banan kabi sitrus mevalardan tortib, rezavor o‘simliklar, turli dorivor giyohlar yetishtirilayotgan maskan yurtdoshlarimiz, shuningdek, xorijliklar e’tiborini qozongan.
Korxona qoshida «Doktor Ali» salomatlik markazi, fitobarlar majmuasi, dorivor mahsulotlar ko‘rgazmasi, gastronomik markaz ham tashkil etilgan. Bir tomonda lavanda, rozmarin, kivi, ikkinchi tomonda papayya, guava, zaytun plantatsiyalari, Damashq atirgullari, ona tabiatning shifobaxsh va darmonga boy o‘simliklarini ko‘rish mumkin.
[gallery-2464]
2018 yili O‘zbekiston turizm ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan «Mehrigiyo»da ekologik toza dori-darmonlar turini ko‘paytirish ishlariga jadal kirishilgan. Ayni paytda mutaxassislar noyob o‘simliklarni mahalliylashtirish va ulardan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ustida izlanishlar olib bormoqda. 150 nafar doimiy, 50 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilayotgan korxonada dorivor giyohlardan 113 turdagi choy, 10 xil ziravor, 12 turdagi shifobaxsh yog‘, 14 xil sirop va asal, 7 turdagi kosmetik va antiseptik vositalar ishlab chiqariladi. «Mehrigiyo» mahsulotlarining Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda ham o‘z xaridorlari bor. Hozirda Yevropa va Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
– Hududimizda yetishtirilayotgan o‘nlab noyob turdagi dorivor giyohlarning shifobaxshligi, xususan, zaytun barglaridagi oleuropein moddasi yashirin infeksiyalarga qarshi tabiiy himoya hisoblanishi, rastoropsha o‘simligi o‘zida ekzema, qiyin bitadigan yaralar, kuyishga malham bo‘luvchi, infarkt va insultning oldini oluvchi xususiyatlari egali diqqatga molik, – deydi «Mehrigiyo» korxonasi ijrochi direktori Xondamir Nuriddinov. – Korxonamizda ekoturizm va tibbiyot turizmining istiqbolini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, maxsus aromaterapiya xonasi, u yerdagi lavanda, moychechak gullari ifori, turli moy va damlamalar har qanday insonga yengillik baxsh etadi. Ulkan maydonlarda o‘stirilayotgan noyob giyohlar ekotibbiyotning eng asosiy omilidir. Joriy yilning 6-16 iyun kunlari bu yerda Lavanda festivalini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA