Uchko‘prik ishsizlikdan xoli hududga aylanadi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va ishsizlikdan xoli hududga aylanadi.
Bu yerda bo‘lib o‘tgan tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari hamda mutaxassislari, tegishli tashkilotlarning mas’ullari ishtirok etgan seminarda ana shu masalalar muhokama qilindi.

Dastlab seminar ishtirokchilari tuman hokimligida tashkil etilgan “Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha tuman shtabi” faoliyati hamda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

–Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida tumandagi xotin-qizlar uyma-uy yurib xatlovdan o‘tkazilganda 1 ming 955 nafar opa-singilimiz ishlash istagi borligini bildirdi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida mahalla va tuman dasturi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda 826 nafar xotin-qizga amaliy yordam berilib, ularning 363 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 56 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi,6 nafariga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit ajratildi, 221 nafari o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, yana 179 nafari mavsumiy ishlarga jalb etildi, shuningdek, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, – deydi Uchko‘prik tumani hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulchehra Jo‘rayeva.

Seminar qatnashchilari “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda "Boboshbek" ishlab chiqarish va savdo kompleksidagi tadbirkorlik sub’ektlarida ham bo‘lib, u yerda ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham bevosita tanishdi. Shuningdek, “Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashi”, “Oqila ayollar harakati” faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlarga ham guvoh bo‘ldi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri