Uchinchi fan va atom festivali
"Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida "Uchinchi fan va atom" festivali o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu festivalda talabalar va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Festival ochilishida "Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdukomilov va boshqalar fan va atom festivalining an’anaviy o‘tkazilishi ushbu sohani yanada rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Festivaldan ko‘zlangan maqsad ilm-fan va texnika sohasidagi milliy yutuqlardan jamoatchilikni xabardor qilish, yoshlar o‘rtasida texnik mutaxassisliklarni targ‘ib etish, insonlarni atomni tinchlik maqsadida ishlatish bo‘yicha xabardor qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
bugungi kunda bu kabi festivalni atom energetikasi va yadro texnologiyasi rivojlangan mamlakatlarda o‘tkazish an’anaga aylangan.
"Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdukomilovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda "Fan va atom" festivali 2019 yildan buyon tashkil etilmoqda. Maqsad yoshlarga yadro fizikasi va atom energetikasi haqida bilim hamda tushunchalar berishdir. Negaki, festivalning birinchi kunida maktab o‘quvchilari, ikkinchi kunida esa talabalar ishtirok etadi.
[gallery-5112]
– bugungi kunda “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali zamonaviy va barcha qulayliklar mavjudligi bilan muhim ahamiyatga ega oliy o‘quv dargohdir. Bu yerda o‘qiyotgan 213 nafar talaba “Atom energetikasi va issiqlik fizikasi”, "Yadro fizikasi va texnologiyalari”, “Issiqlik energiyasi va issiqlik fizikasi”, “Elektr energetikasi va elektrotexnika” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. O‘quv dasturi ish beruvchilarning talablari asosida ishlab chiqilgan. Filialda bakalavrlar kunduzgi ta’lim dasturi asosida tahsil oladi, – dedi Shavkat Abdukomilov.
Aytish joizki, ikki kunlik dastur o‘zbek va rus olimlarining ma’ruzalari, ilmiy o‘qishlar, ochiq munozaralar, viktorinalar, tok-shoular, mahorat darslarini o‘z ichiga oladi.
– Men birinchi bor bu festivalga qatnashdim, – dedi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Otabek Ibragimov. – Avvalo, menga oliy o‘quv yurtidagi zamonaviy sharoitlar manzur bo‘ldi. Festivalga keladigan bo‘lsak, unda turli interaktiv o‘yinlar va viktorinalar tashkil etildi. Fizika-matermatika asoslangan maktabda ta’lim olayotganimiz uchun ushbu festival biz uchun yanada ahamiyatlidir.
Festival o‘z ishini ertaga davom ettiradi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA