“Uch avlod uchrashuvi” elchilar nigohida
Toshkent viloyatining turli millatlar va avlodlarga mansub insonlarini Yuqorichirchiq tumanining “Guliston” mahallasidagi yana bir keng-ahil davrada birlashtirgan navbatdagi do‘stlik va mehr bayrami yuqori notada boshlandi.
Davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, O‘zbekiston Qahramonlari, turli sohalarda fidokorona mehnat qilib el-yurt hurmatini qozongan nuroniylar, faol yoshlar jam bo‘lgan bu dilbar festivalda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz, Turkmaniston respublikalarining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari, Rossiya va Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonalari mas’ullari oila a’zolari bilan ishtirok etgani festivalga o‘zgacha shukuh, barchaga birdek zavq bag‘ishladi.

Abdujabbor Rahmonzoda, Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Bu yerda yig‘ilgan uch avlod vakillari – O‘zbekiston faxri. bugungi bayramlarda turli millat vakillarini – tojik, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, rus kabi ko‘plab xalqlarga mansub vatandoshlarni ko‘rishimiz mumkin. Sezilib turibdiki, ular bir tanu bir jon bo‘lib, shunday zaminda totuvlik va inoqlikda yashayotganliklaridan juda hursandlar. Bu, albatta, har bir davlat uchun katta yutuqdir. Bu muhitni asrab-avaylash esa har bir vatandosh uchun ham farz, ham qarzdir”.
Bunday do‘stlik-ahillik ayyomiga mezbonlik qilgan “Guliston” mahallasi – Yuqorichirchiq tumanining chekka bir qishloqlaridan biri bo‘lib, bu yerda o‘zbek, qozoq, koreys, rus, tatar, tojik, qirg‘iz, turkman va boshqa millatlarga mansub aholi hamjihatlikda totuv hayot kechirmoqda. “Obod qishloq” dasturi asosida qishloqda yangi ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘llar va boshqa ob’ektlar yangilangach, Guliston qishlog‘i chin ma’noda Gulistonga aylandi.
Festivalga tashrif buyurgan diplomatik korpus vakillarining ta’kidlashicha, bu kabi har bir bayramda millatlararo do‘stlik muhiti, avlodlar o‘rtasidagi samimiyat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish go‘zal bir an’anaga aylanib bormoqda.

Darxan Satibaldi, Qozog‘iston Respyblikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Jamiyat birlashib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Yuqorichirchiqda yashovchi turli millat vakillari qachonlardir bu yerdan ketishgan va so‘nggi paytda ularning ko‘pchiligi o‘z Vatanlariga qaytib kelishdi. Bu, albatta, katta ko‘rsatkich. Ko‘p millatli xalq birga yashaydi va ishlaydi, kelajakni birga quradi. Eng asosiysi, bu yerda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va tinchlik. Buning hammasi O‘zbekiston rahbariyatining say-harakatlari tufayli amalga oshmoqda”.

Asli bu bayram Yuqorirchiqda erta tongdan boshlandi. Turli millatlarga mansub taniqli davlat va jamoat arboblari, faol yoshlar so‘nggi yillarda tumanda amalga oshirilgan yirik bunyodkorlik ishlari – Mustaqillik, Alisher Navoiy maydonlari, xotira muzeyi, tennis markazi, IT park kabi so‘nggi besh yillikdagi yangi ob’ektlar bilan tanishar ekan, bugungi islohotlarning hayotbaxsh natijalari, yoshlarga yaratib berilgan yuksak imkoniyat-u sharoitlar, ko‘pmillatli ahil oila, yagona Vatan – Yangi O‘zbekistonni barpo qilish yo‘lida bir musht bo‘lib birlashish mas’uliyati muloqotlarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Obodlik, bunyodkorlik harakati mamlakatimizning barcha joyini qamrab olmoqda. Shu bois ham taniqli davlat va jamoat arboblari inson qadrini eng oliy nuqtaga olib chiqqani uchun ham O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi hayotbaxsh islohotlarga tarixiy o‘zgarishlar deb baho bermoqda.
Buyuk maqsadlarning ibtidosi-yu intihosi ezgulikdir. Gulistondagi do‘stlik festivalida ham ezgu niyat, ezgu so‘z, ezgu amal birlashgan nuqtada bunyodkorlik qudrati o‘z so‘zini aytishi ko‘p bora ta’kidlandi.
Festivalda milliy-madaniy markazlar faollari tashkil qilgan taqdimotlar, turli tillarda namoyish etilgan badiiy dasturlarda yurtimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik-totuvlik muhiti tarannum etildi.
Vadim Mitrofanov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi maslahatchisi:
“Juda ajoyib bayram. Bu yerda bo‘lish va katta-yu kichikning o‘zaro hurmati, ehtiromni ko‘rish meni hursand kildi. Ustozlarining erishgan yutuqlari va hayot yo‘li haqida eshitish yosh avlod uchun qiziq va ibratlidir. Turli millatlarning bir yerga jam bo‘lgani esa mazkur tadbirning tarbiyaviy ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Bu O‘zbekistonning ko‘p millatli davlat ekani va barcha teng huquqli ekanidan dalolatdir”.
Muloqotlarda mamlakatimizda 30 iyul kuni Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangani ko‘pmillatli xalqimizni yagona ahil oila sifatida yanada jipslashtirishga xizmat qilayotgani ko‘p bora ta’kidlandi.
Islohotlar rivoji, taraqqiyot sur’ati avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liq ezgu rishtalarni mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liq. Mazkur festivalda ham Toshkent viloyatidagi davlat va jamoat arboblari, turli tarmoqlarda mehnat qilayotgan turfa millat vakillari, o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan yoshlar bir safda jamlandi. El-yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan uch avlod vakillaridan bir guruhiga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari topshirildi.
Guliston mahallasidagi mehr bayrami anchagacha davom etdi. Taniqli san’atkorlar, turli millat vakillarining Vatan, do‘stlik, yoshlik, mehr-muhabbat mavzularida yangragan rang-barang kuy-qo‘shiqlarini tinglarkanmiz, ezgulik dillarni dillarga bog‘lashi, qalb sarhadlarini kengaytirishi, mushtarak qadriyatlarni uyg‘unlashtirishi va buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishiga yana bir bor amin bo‘ldik.