U oʻzbekcha yashab, oʻzbekdek yozdi
Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi shoir yashagan xonadonga oʻrnatilgan yodgorlik lavhining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Xotira
Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi shoir yashagan xonadonga oʻrnatilgan yodgorlik lavhining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda fan va madaniyat xodimlari, faxriy ijodkorlar, yozuvchi-shoirlar, yosh qalamkashlar, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari, shoirning rafiqasi va yaqin qarindoshlari ishtirok etdi.
Shoir Rustam Musurmon, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ilmiy kotibi Feruza Obidjonova va boshqalar ijodkor hayot yoʻli, ijodiy mahorati haqida gapirdi. Sheʼrlaridan namunalar keltirish bilan shoir hayot yoʻliga nazar tashlandi.
Vatan
Kuyoshli, toʻrtburchak dalalardan to
Tizma togʻlargacha choʻzilgan Vatan –
Yoʻllarning girdida boʻlib girgitton
Gumbazdek teraklar turarlar qator.
Dalalarni kezdim qadamma-qadam,
Teodolit koʻtarib, oʻlchadim tanob.
Loysuvoq uylarda simirdim chalob,
Eshiksiz hovlilar ochiqdir mudom.
Mushfiq yurt. Shu yerda naslu nasabim –
Oʻzbekistondadir xokim, turobim.
Hoy, Yevropa! Meni tinglaysan sen ham.
Magʻrur parvoz etar burgut falakda.
Oʻt tishladim. Labda shoʻr koʻz yosh. Bu dam
Ham dardni, ham baxtni tuydim yurakda.
Kechaning badiiy qismi Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrida davom etdi. Tadbirda shoir hayot yoʻli va ijodi aks ettirilgan film namoyish etildi.
– Aleksandr Faynberg zabardast shoir, zahmatkash ijodkor va samimiy inson edi, –dedi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – U kibrga berilmadi, umri davomida halol va pok yashadi. Uyimizda adabiy gurunglar uyushtirardik, tarjima mashaqqati haqida koʻp suhbatlashardik. U yaqin doʻstim edi. Unga Sasha, deb murojaat qilardim. Meni esa qadrdonim, derdi. U Toshkentni sevardi, oʻzbeklarni qadrlardi. Uning sheʼrlarida yangi topilmalar, oʻzgacha oʻxshatishlar, takrorlanmas nafislik bor.
Darvoqe, Aleksandr Faynberg oddiy shoir emas, misralariga falsafiylik uchqunlarini singdira olgan faylasuf shoir edi. Tadbirda uning sheʼrlaridan namunalar oʻqildi, taniqli xonandalar tomonidan qoʻshiq qilib kuylandi. Uning tarjima mahoratiga alohida toʻxtalib, hazrat Alisher Navoiy gʻazallaridan tortib, falsafiy shoir Asqad Muxtor, Jumaniyoz Jabborov, oʻzbek zamonaviy sheʼriyatining vakillari – Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid va Azim Suyun sheʼrlarini mahorat bilan rus tiliga tarjima qilgani taʼkidlandi.
–Sasha akam juda masʼuliyatli va kirishimli edi, –dedi turmush oʻrtogʻi Inna Glibova. – Bir ishni boshladimi, uni oxiriga yetkazishga harakat qilardi. Tartibni, xushmuomilalikni yaxshi koʻrardi. Oʻzi ham did bilan kiyinardi. Mehribon va eʼtiborli edi. Oddiy narsalardan ham xursand boʻlib, boshi osmonga yetardi. Aniq eslayman, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qoʻlidan Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olganida rosa suyungandi. Toʻlqinlanib yangi asarlar yozishga kirishib ketgandi. U bilan hayot yoʻlimni bogʻlaganimdan mamnunman.
“Peshonamga bitilgan baxtim bor ekan, – deb yozgan edi Aleksandr Faynberg. – Men mustaqil Oʻzbekistonda yashayman. Oʻz umrim davomida milliy kamsitishni hech qachon his etmaganman. Adabiyot yoʻlida menga oʻzbek yozuvchilari juda koʻp bora yordam berishdi. Butun ijodim davomida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va koʻpdan-koʻp yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar, boshqa turli kasb egalarining yaxshiliklaridan bahramand boʻlib kelmoqdaman...”
Shoirning ijodi sermahsul va keng koʻlamli. Uning sheʼrlarida rang-baranglik, falsafiylik, teranlik, tuygʻular tiniqligi yarqirab turadi. Shoir soʻzni chuqur his etadi, bu hisga oʻquvchini ham hamroh qiladi. Bu yurtning havosi, osmoni, tuprogʻi, eli, bir soʻz bilan aytganda, butun borligʻi shoirga sheʼr qadar, qalb qadar aziz edi. Bu shoir satrlarining, asarlarining haroratida bor boʻyi bilan koʻrinadi, boʻylari nafasimizga uriladi.