“TURKSOY – Oʻzbekiston” kitobi taqdimoti
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan 4-sentyabr kuni “TURKSOY – Oʻzbekiston” kitobining onlayn taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan 4-sentyabr kuni “TURKSOY – Oʻzbekiston” kitobining onlayn taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY Bosh kotibi Dyuseyn Kaseinov, Turkiya Respublikasi Prezidentining bosh maslahatchisi Yalsin Toʻpchu, mamlakatimizning Anqaradagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, Turkiyaning Toshkentdagi elchisi Mehmet Sureyya, Oʻzbekiston – Turkiya parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi Usmon Mesten, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi madaniyat diplomatiyasi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Emir Salim Yuksel ishtirok etdi.
TURKSOY Bosh kotibi Dyuseyn Kaseinov “TURKSOY – Oʻzbekiston” kitobi chop etilishi munosabati bilan tashkilotning barcha aʼzolarini qutladi.
Mazkur nashrda 2020-yilda Xiva shahrining Turk dunyosi madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishi munosabati bilan oʻtkazilgan anjuman va festivallarning ahamiyati haqidagi maʼlumotlarga keng oʻrin berilgan. Shuningdek, turkiy xalqlarning buyuk shaxslari, ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy, oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan Abdulla Qodiriy, yangi oʻzbek adabiyoti vakili, shoir Shukrulloning turk sheʼriyati va sanʼatiga qoʻshgan ulkan hissasi haqidagi maʼlumotlar bilan boyitilgan.
Taqdimot chogʻida Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev Xiva shahri turk dunyosi madaniyati poytaxti sifatida oʻzbek xalqi urf-odatlari va yurtimizning turizm salohiyatini targʻib etishga katta hissa qoʻshishini taʼkidladi. Madaniyat va sanʼat sohalaridagi oʻzaro aloqalar qardosh xalqlar doʻstligini yana-da mustahkamlashi qayd etildi.
Tadbirda Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasidan parcha oʻqildi, turkiy davlatlar sanʼat ustalari tomonidan Xiva shahrining goʻzalligi, sanʼati va urf-odatlari haqidagi taronalar ijro etildi.