Turkmaniston elchisi brifing o‘tkazdi
Do‘stona yaqinlik va yaxshi qo‘shnichilik O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy tayanchiga aylangan. Ikki qardosh xalq azaldan tarix, til, madaniyat va urf-odat jihatidan mushtaraklikka ega bo‘lib, bu yaqinlik zamonaviy geosiyosiy murakkabliklar sharoitida ham manfaatlarni uyg‘unlashtirish, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zaro tashriflar, hamkorlik forumlari, chegara oldi savdo hududlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar nafaqat rasmiy doiralar, balki xalqlarimiz orasidagi rishtalarni ham mustahkamlamoqda.
Turkmaniston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida o‘tkazilgan brifing ham fikrimizni yaqqol isbotlaydi. Turkmaniston mustaqilligining 34 yilligi, BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasi (LLDC), Turkmaniston Xalq Maslahati yig‘ilishi kabi muhim voqealarga bag‘ishlangan ushbu tadbir qardoshlik va hamjihatlikning amaliy namunasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, xorijiy diplomatlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar a’zolari, shuningdek Respublika turkman madaniyat markazi va o‘lkamizdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar ishtirok etdi.
Yig‘in avvalida Turkmanistonning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov so‘zga chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabat, strategik hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyili asosida rivojlanayotgan aloqalardan mamnunligini ta’kidlab, so‘nggi yillarda ikki o‘lka o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va transport-kommunikatsiya sohalaridagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
[gallery-25547]
– Joriy yil mamlakatlarimiz oliy darajada to‘rt tashrif amalga oshirdi, – dedi diplomat. – 2025 yilning 8 oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollarga yaqinlashdi. Tomonlar yaqin yillarda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Hozir “Dashog‘uz-Shovot” chegara oldi savdo hududini ishga tushirish va O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga tayyorgarlik qizg‘in davom etyapti.
Anjumanda BMTning respublikamizdagi doimiy koordinatori Sabine Maxl xonim ham so‘z olib, joriy yil 4-8 avgust kunlari “Avaza” milliy sayyohlik hududida bo‘lib o‘tgan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasi barqaror rivojlanish va bu davlatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi masalalari bo‘yicha global muloqotda muhim bosqich bo‘lganini e’tirof etdi. Turkmanistonning transport, energetika va “yashil iqtisodiyot” bo‘yicha xalqaro kun tartibini shakllantirishdagi yetakchi rolini ta’kidladi.
Shuningdek, davra suhbatida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov ikki davlat o‘rtasidagi tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan strategik hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, so‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlar ishonch va hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarilgani alohida qayd etdi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yanada kengayishiga ishonch bildirdi.
O‘.Alimov, R.Nazarmatov (surat), O‘zA