Turkiyalik boks mutaxassislari O‘zbekistonda
Mamlakatimiz bokchilarining xalqaro maydonda, xususan Parijda o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 5 ta oltin medalga sazovor bo‘lishi ortidan bir qator davlatlar o‘zbek boks murabbiylariga qiziqish bildirmoqda.
Shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Turkiya boks federatsiyasi bosh direktori Nazim Dalkiran, federatsiya mutaxassisi Husein Kelish hamda boks bo‘yicha Turkiya terma jamoasi murabbiyi Altar Kalkishimdan iborat delegatsiya O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari bilan ayni masala yuzasidan muzokara olib bormoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev, mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev bilan uchrashgan mehmonlar yurtimiz charm qo‘lqop ustalarining so‘nggi yillardagi, ayniqsa o‘tgan Tokio va Parij olimpiadasida hech bir davlat terma jamoasi qayd etmagan natijaga erishgani olamshumul voqelik bo‘lganini ta’kidlab, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv mobaynida kelgusida hamkorlikda ish olib borish, terma jamoalar o‘rtasida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazish, murabbiylar bilan tajriba almashish borasida fikrlashildi.
Turkiya boks federatsiyasi bosh direktori Nazim Dalkiran o‘zbekistonlik ikki nafar murabbiyni ishga jalb qilish niyati borligini, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Tashrif davomida mehmonlar terma jamoamiz ishtirokidagi o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdi. Shuningdek, Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabidagi shart-sharoitlar bilan tanishib, O‘zbekistonda olimpiya sport turlarini tizimli rivojlantirish ishlariga yuqori baho berdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA