Turkiyada yoshlar uchun yangi uy-joy dasturi ishga tushdi
Turkiyada mustaqil hayot boshlagan va o‘z uyiga ega bo‘lishni istagan yoshlar uchun muhim moliyaviy mexanizm parlament muhokamasiga kiritildi. Shu tariqa ilk bor uy sotib olayotgan fuqarolarga davlat tomonidan bevosita moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.
Maxsus qonun loyihasi Buyuk Millat Majlisiga taqdim etilgan. Hozir hujjat Plan va byudjet komissiyasida ham ko‘rib chiqilyapti. Loyihaga ko‘ra, imtiyozli moliyalashtirish tizimi 18 yoshga to‘lgan va 35 yoshdan oshmagan fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Tabiiyki, faqat yosh mezoni yetarli emas: nomzod, uning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari nomida mulk sifatida uy-joy mavjud bo‘lmasligi shart. Shuningdek, davlat ko‘magi hisobidan xarid qilinadigan xonadondan faqat o‘zi yashash joyi maqsadida foydalanish majburiyati belgilanmoqda.
Mazkur tashabbusning odatiy ipoteka dasturidan asosiy farqi shundaki, umumiy kreditlar aro raqobatdan xoli bu mexanizm aynan ilk uyini olayotgan yoshlarga manzilli tarzda yo‘naltirilib, moliyaviy yukni sezilarli darajada yengillashtirishni nazarda tutadi. Dastlabki uch yil mobaynida joriy etiladigan to‘lovsiz davr mehnat faoliyatini endi boshlaganlar va yosh oilalar uchun qulaylik yaratadi. Shu bilan birga suiste’mol holatining oldini olish maqsadida davlat ko‘magi yordamida olingan ko‘chmas mulkni belgilangan muddatdan oldin sotishga qat’iy cheklov qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Parlament tashabbusni ma’qullasa, mamlakatda yoshlar uy-joyli bo‘lishini kafolatlaydigan yangi davlat moliyalashtirish tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Nodira Qayumova,
O‘zA
Turkiya