Turkiya NATO mashg‘ulotida qatnashmoqchi emas
Turkiya harbiy havo kuchlari Afina bilan kelishmovchilik tufayli NATOning Gretsiyada o‘tadigan “Tiger Meet” mashg‘ulotida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Bu haqda “Sabah” gazetasi yozgan.
Avvalroq Turkiyaning “F-16 Fighting Falcon” qiruvchi samolyotlari 9-22 may kunlari yunon davlati g‘arbidagi “Arakos” aviatsiya bazasida tashkil etiladigan Shimoliy alyans mashqlarida ishtirok etishi e’lon qilingandi.
“Ria Novosti” xabariga ko‘ra, Gretsiya Bosh aviatsiya qarorgohi Turkiyaning bu boradagi taklifini qabul qilmagan. Mazkur qarorga sabab sifatida Turkiya jangovar samolyotlari Gretsiya havo chegaralarini doimiy ravishda buzib, mamlakatga tegishli orollar uzra parvoz etishi haqidagi bayonot ko‘rsatilgan.
– Qoidaga muvofiq, mashg‘ulot oldidan mezbon davlat tadbirni o‘tkazish bo‘yicha texnik kelishuv tayyorlaydi. Shu asosga ko‘ra texnik reglamentni ishlab chiqqan Gretsiya tomoni ushbu hujjatning Turkiya bilan bog‘liq qismiga ikki tomonlama manfaatdan kelib chiqqan holda o‘zgarish kiritgan, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi ushbu qo‘shimchaga qarshi chiqib, “xalqaro huquqqa zid texnik reglament”ni o‘zgartirish talabini qo‘ygan. Afsuski, Turkiya talabi Gretsiya tomonidan qabul qilinmagan. Ayni payt yakuniy qaror Gretsiya rasmiylariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yozda Gretsiya va Turkiya o‘rtasida uch marta qurolli to‘qnashuv yuzaga kelgan. O‘shanda Gretsiya qurolli kuchlari umumiy safarbarlikka jalb qilingan. Bunga Turkiya Gretsiya o‘zining eksklyuziv iqtisodiy zonasi, deb hisoblaydigan O‘rta yer dengizi sharqiy hududida seysmik qidiruv boshlagani sabab bo‘lgan.