Turkiya delegatsiyasi bilan gastronomik turizm masalalari muhokama qilindi
Turizm qo‘mitasida rais o‘rinbosari S.Bobokalonov bilan Turkiyaning yetakchi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari — “Mehmet Yıldırım Baklava”, “Karaköy Güllüoğlu Baklava” va “Burça Baklava” kompaniyalari rahbarlari hamda “Baklava va shirinliklar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi” (BAKTAD) mutasaddilaridan iborat delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini festivallar va MICE tadbirlar orqali targ‘ib qilish, xususan, mamlakatimizda xalqaro baklava festivalini o‘tkazish hamda baklava ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi.

Mehmonlar bugungi kunda Turkiyaning milliy shirinligi — baklava dunyo miqyosida ushbu davlatning tashrif qog‘oziga aylanganini, shu bois ko‘plab xorijiy mamlakatlarda “Xalqaro baklava festivali” tashkil etib kelinayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar mushtarak til, din, tarix va madaniy qadriyatlarga asoslangani, bugungi kunda esa keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan xorijiy tomon navbatdagi festivalni Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi tadbirlarni o‘tkazish uchun qulay manzil ekanini, shuningdek, Turizm qo‘mitasining sohada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini yana bir bor namoyon etdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA