Turkiy xalqlar uchun ardoqli siymo
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Qirg‘iz tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha tashkil etildi.
Kechada ta’kidlanganidek, buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nainki qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo bo‘lishi bilan birga, O‘zbekistonning yaqin do‘sti edi. Shu bois ham uning asarlarini barchamiz sevamiz, ardoqlaymiz.

Mazkur universitetda tashkil etilgan Qirg‘iz tili va madaniyati markaziga ham bejiz Chingiz Aytmatov nomi berilmagan. Zero, Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi.
Tadbirda universitet olimlari, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

Adabiy kechada Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etib o‘tildi.
Talabalar tomonidan adib asarlari syujetiga asoslangan turli sahna ko‘rinishlari sahnalashtirildi. She’r va monologlar ijro etildi. Tadbir so‘ngida Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazining faol a’zolariga tashakkurnomalar topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA