Turkiy dunyo: yagona ruh, turfa ranglar
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Xalqaro TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlar yosh rassomlarining “Turkiy dunyo: yagona ruh, turfa ranglar” nomli ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, umumiy tarixi va zamonaviy badiiy izlanishlarini namoyon etuvchi nufuzli xalqaro madaniy voqealardan biri hisoblanadi. TURKSOY — turkiy davlatlar o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, milliy an’analarni asrab-avaylash va ularni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib qilishga xizmat qilayotgan xalqaro tashkilot sifatida ushbu jarayonda muhim o‘rin tutadi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “TURKSOY rassomlar uchrashuvi” O‘zbekistonda to‘rtinchi marotaba turkiy mamlakatlar ijodkorlarini birlashtirib, ular o‘rtasida ijodiy muloqot, tajriba almashish va do‘stona aloqalarni rivojlantirish uchun samarali platforma vazifasini o‘tamoqda.
Ushbu ko‘rgazma turkiy tilli xalqlarning ertangi san’atini belgilab beruvchi yosh va istiqbolli rassomlarning o‘ziga xos ijodiy maydoniga aylandi. «Turkiy dunyo: yagona ruh, turfa ranglar» loyihasi nafaqat tajriba almashish, balki turli madaniy muhitda shakllanayotgan yosh avlodning umumiy qadriyatlar va zamonaviy dunyoqarashini san’at tilida ifodalash maqsadida tashkil etildi.
Joriy yilgi ko‘rgazmada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekistondan tashrif buyurgan yosh va iqtidorli rassomlarning asarlari namoyish etilayapti. Ekspozitsiya rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik kabi turli yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, har bir asarda milliy an’analar, zamonaviy badiiy yondashuvlar va individual ijodiy izlanishlar uyg‘unligi o‘z ifodasini topgan.
[gallery-28900]
San’atshunoslarning fikricha, ekspozitsiyada ishtirok etayotgan har bir ijodkor o‘z xalqining tarixiy ildizlarini zamonaviy talqinda taqdim etadi. Ko‘rgazma doirasida biz quyidagi ijodkorlarning serqirra izlanishlariga guvoh bo‘lamiz. Xususan, Ozarbayjon vakili Jayxun Murshudov o‘zining akademik mahorati va milliy ruhdagi kompozitsiyalari bilan diqqatni tortsa, qozog‘istonlik yosh musavvir Asqar Nurbolat dasht erkinligi va ko‘chmanchilar madaniyatining yangicha qiyofasini ranglarda aks ettiradi. Qirg‘izistonlik ijodkor Tolobek Sheyshenaliyev asarlarida tog‘lar o‘lkasining sokinligi va falsafiy teranligi sezilib turadi.
Turkiyalik yosh ijodkorlar Mehmet O‘zkartal va Mina Sevinch Anadolu san’atining qadimiy naqshlarini zamonaviy grafika va rangtasvir uslublari bilan boyitgan bo‘lsa, Olga Suncheleyeva o‘z asarlarida madaniy uyg‘unlik va estetik nazokatni namoyish etadi. Shuningdek, Yoqub Beknazarov asarlarida portret janrini va Sardor Erkinov ijodiy izlanishlarida o‘ziga xos uslubni ko‘rish mumkin.
Mazkur ko‘rgazma turkiy xalqlar san’atining davomiyligini ta’minlovchi yosh kuchlarning birlashuvidir. Bu yerda taqdim etilgan asarlar shuni ko‘rsatadiki, masofalardan qat’i nazar, yosh rassomlarni umumiy tarix, ma’naviy yaqinlik va go‘zallikka bo‘lgan yagona intilish birlashtirib turadi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (surat), O‘zA