Turkiy davlatlar hamkorligi yanada kengayadi
Samarqand shahrida joriy yilning 10-11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro hamjamiyat hamda turkiy davlatlar e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan bir qator tashabbus va takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan ushbu tashabbuslar mamlakatimizning turkiy davlatlar orasida nufuzi ortib borayotganini ko‘rsatdi. Jumladan “qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur o‘rganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifadir” – deya alohida qayd etdi.
Albatta, turkiy davlatlar umumiy o‘tmishga ega, tili, dini, madaniyati va qadriyatlari bir-biriga juda yaqin. Shunday ekan mamlakatlarimizning o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy va gumanitar aloqalarini yanada kengaytirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. So‘nggi yillarda bu yo‘lda tashkilot doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin hali ishga solinmagan imkoniyatlar va qator vazifalar mavjud.
Shundan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari “tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatida ekanligini alohida ta’kidladi.
Ma’lumki, mamlakatimiz taklifi bilan 2022 yil Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingan va uning doirasida Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti maqomiga ega bo‘lgan edi. Prezidentimiz mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor qaratib, kelgusi yili yurtimizda turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni, uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli yoshlar, Tashkilot oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish lozimligini ta’kidlab, Tashkilot Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Davlatlarimiz hamkorligini yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba va bilimlarimizni birgalikda baham ko‘rish, yoshlarimiz salohiyatini o‘stirib borish orqali Tashkilot nufuzi yanada oshadi va kelajagi mustahkamlanadi.
Shu bilan birga eng avvalo davlatlarimizning madaniy aloqalari rivojlanib borayotganini alohida qayd etish kerak. Bu borada Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining o‘zbek tilida nashr qilinganligi muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun davlatimiz rahbari “ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik” deya bejizga ta’kidlamadi.
Albatta, Samarqand sammitining mamlakatimiz rivojidagi ahamiyatini targ‘ib qilish, unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni hayotga tatbiq qilishda siyosiy partiyalar, xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining barcha darajadagi tashkilotlari hamda deputatlari faollik ko‘rsatishi kerak. Zero, hamkorlikni kuchaytirish orqali ko‘zlangan barcha maqsadlarga, albatta, erishamiz.
Tajibay ROMANOV,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
O‘zA