Turkiy davlatlar AKT sohasi mas’ullari kengashdi
Samarqandda o‘tkazilayotgan ICTWEEK UZBEKISTAN – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining kengashi bo‘lib o‘tdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev AKT vazirlarining bu galgi to‘rtinchi uchrashuvi Samarqandda shu yilning noyabr oyida o‘tkazilishi kutilayotgan tashkilot davlat rahbarlari sammiti kun tartibiga muvofiqligi va hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilab olishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
– Bugun xalqaro miqyosda Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z munosib o‘rnini topib, unga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgan bir paytda davlatlarimizning axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorligini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi, – dedi B.Amreyev. – Sababi bugun butun dunyoda, jumladan, turkiy davlatlarda ham innovatsion va raqamli ekotizimlar keng joriy etilmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, eksport va importda raqamli texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Bu faqatgina xususiy sektor uchun emas, davlatlar uchun ham manfaatli tarmoqqa aylanmoqda. Shu sababli tashkilot a’zolari o‘rtasida IT-sohasida integratsiyani chuqurlashtirish, birgalikda yaratilgan tizimlardan keng foydalanish lozim. Bu borada ayni paytda Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida raqamli texnologiyalar bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim o‘zini to‘la oqladi va endi unga boshqalar ham qo‘shilishi barchamiz uchun manfaatli bo‘ladi. Yoki O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “aqlli shaharlar” bo‘yicha tashabbusni ham birgalikda amalga oshirishimiz uchun barcha asoslar bor. bugungi singari uchrashuvlarda ana shu masalalar yuzasidan fikrlashib olsak, ayni muddao bo‘ladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon respublikalari vakillari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, bir qator tashabbus va g‘oyalarni bayon etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov tashkilotga a’zo davlatlarni raqamli texnologiyalar bo‘yicha Yevropa bilan bog‘lashda Turkiya muhim o‘rin egallashini ta’kidladi. Qozog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoat vaziri Bag‘dod Musin zamonaviy innovatsion tizimlarning “Kasbiy tarmog‘i”ni yaratish loyihasi haqida so‘z yuritdi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan vazirlar tomonidan memorandum imzolandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA