Turizmda ilmiy yondashuv muvaffaqiyat omili
Turizm — mamlakat iqtisodiyoti va taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
bugungi kunda mazkur sohaning o‘ziga xos tarmoqlari — ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi yo‘nalishlari rivojlanmoqda. Shu bois turizmni zamon talablari darajasida tashkil etish hamda uni malakali va ilg‘or tajribaga ega yosh mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash dolzarbdir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi soha rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov, Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov yurtimizning turizm salohiyati, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish borasida ishlab chiqilayotgan “Yo‘l xaritasi” hamda mazkur tarmoq uchun yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj va talab ortib borayotganini ta’kidladi.
– Ma’lumki, dunyo aholisining katta qismini muqaddas islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etadi, – dedi R.Qosimov. – Dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan ona Vatanimiz esa qadim tarix va ulug‘ allomalar yurti hisoblanadi. Shu bois yurtimiz tarixi, uning benazir tabiati va albatta, buyuk allomalari ma’naviy merosidan bahramand bo‘lishni istab butun jahon mamlakatlaridan sayohatga otlanuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning jahonda o‘z imiji va mavqeini ham belgilab beradigan omillardan. Shu bois mazkur sohani rivojlantirishda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish mamlakatimiz taraqqiyotiga ham xizmat qilishi shubhasiz.
Tadbirda yurtimiz tarixi, boy milliy, madaniy-ma’naviy va buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq etish, sohada faoliyat yuritayotgan turistik firmalar mutaxassislari bilim va malakasini yangi ilmiy tadqiqotlar asosida oshirish masalasi turizm, xususan, bugun dolzarb ahamiyat kasb etayotgan ziyorat turizmi rivojida muhim ekani qayd etildi.
– Bugun imzolangan Anglashuv memorandumi Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, ziyorat turizmini ilmiy yondashuv asosida rivojlantirishda dastlabki va muhim bosqich bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi A.Abduhakimov. – Ma’lumki, o‘tmishning dolg‘ali davrlari tarixning ko‘plab zarvaraqlari o‘chishi, xalq xotirasidan ko‘tarilishi va oxir-oqibat unutilishiga ham sabab bo‘lgan. Shu bois ming afsuski, bugunda yurtimizning ko‘plab aziz qadamjolari va ulug‘ alloma hamda mutafakkirlari haqida ayrim holatlarda asosli-asossiz afsona va rivoyatlar asosida sayyohlarga ma’lumotlar taqdim etilishi kuzatiladi. Bu esa, ba’zan kishida yanglish fikr va xatoliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan imzolangan anglashuv memorandumi yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, qadimdan ilm-ma’rifat beshigi bo‘lgan ona zaminimiz nafaqat o‘z tabiati va benazir iqlimi, balki jahonga mashhur ulug‘ mutafakkir va allomalari bilan ham nom qozongan. Buni qadim Samarqand, Buxoro, Xiva, Kesh, Nasaf, Shoshu Huqand shaharlari-yu ularda kamolga yetib, ilm-ma’rifat tug‘ini baland ko‘targan Buxoriy, Nasafiy, Termiziy, Farg‘oniy va Shoshiylar qoldirgan bebaho ma’naviy merosda ko‘rish mumkin.
Turizm sohasini rivojlantirish borasida o‘zaro fikr almashish orqali mavjud muammolarga hamjihatlikda ilmiy yondashuv asosida yechim axtarish, hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr yuritilgan anjumanda mas’ullar tomonidan turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi firma vakillari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga atroflicha javob berildi.
O‘zbekiston Xalqaro
islom akademiyasi matbuot xizmati