Turizm: imkoniyat, imtiyoz va samara
Jizzax viloyati qulay geografik joylashuvi, tog‘lar, qir-adirlar, ko‘l, umuman go‘zal tabiati, me’moriy yodgorliklari, milliy o‘ziga xosligi va an’anaviy taomlari bilan mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Jizzax viloyatida oilaviy mehmon uylari, xostel, chodirli uy, mehmonxonalar soni yildan yilga ortmoqda. Bu Prezidentimizning turizmni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaldagi ifodasidir.

Turizm va madaniy meros boshqarmasi tomonidan har oyda viloyatda faoliyat olib borayotgan mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xostellar tashkil etgan tadbirkorlar bilan uchrashuv va seminarlar o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlarda viloyat hokimi o‘rinbosari S.Rahmonqulov va tadbirkorlar bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i F.Qo‘shaqovlar o‘zlarining zarur maslahat va tavsiyalarini berib kelmoqda.
Mamlakatimizda oilalarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishi, milliy hunarmandchilikning rivojlanishiga zamin yaratish maqsadida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, mazkur hujjat asosida tadbirkorlar uchun bir qator imkoniyatlar belgilab qo‘yilgan va ular uchun imtiyozli kreditlar berilishi aniq qilib ko‘rsatilgan. Tijorat banklari tomonidan 14 foizdan 3 yilgacha 6 oy imtiyozli davr bilan oilaviy mehmon uylari (50 million so‘mgacha), xostellar (1 milliard so‘mgacha), o‘tov lagerlar majmuasi (300 million so‘mgacha), avtokempinglar (3 milliard so‘mgacha), ekouylar majmuasi (30 million so‘mgacha), konteyner shaharchalar (600 million so‘mgacha) va chodirli lagerlar (60 million so‘mgacha) tashkil etish belgilangan. Ushbu imtiyozli kreditlar to‘g‘risida turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda Zomin tumani “Duoba”, Forish tumani “Uxum”, “Sayyod” , “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi o‘rtasida targ‘ibot tashviqot ishlari olib borilmoqda.

bugungi kunda ushbu imtiyozli kreditlardan 10 nafar tadbirkor foydalanib, Zomin va Baxmal tumanlarida oilaviy mehmon uylari faoliyatini boshladi. Jumladan, Jizzax viloyatida joylashtirish vositalari soni 231 tani tashkil etadi, shundan 171 xonali 681 o‘ringa mo‘ljallangan 19 ta kemping, 1 ming 138 o‘rinli 599 ta xonadan iborat 28 ta mehmonxona, 447 xonadan iborat 1 ming 282 o‘rinli 146 ta oilaviy mehmon uyi, 117 xonali 314 o‘ringa mo‘ljallangan 16 ta xostel hamda 458 ta xonadan iborat 1 ming 372 mehmonga mo‘ljallangan 11 ta oromgoh, 519 ta xonadan iborat 1 ming 532 kishini bag‘riga sig‘dira oladigan 9 ta sanatoriydan iborat.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 9 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni hamda 2021 yil 21 apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida bir qator soliq imtiyozlari berilganini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. 2022 yil 1 aprelidan 2025 yil 1 yanvariga qadar turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subektlari uchun: aylanmadan olinadigan soliq stavkasi bir foiz qilib belgilangan. Bu yangilik ilk loyihalarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoshlarimiz uchun eng qulay imkoniyatdir.

Yurtimizda tadbirkorlik azaldan xalqimiz uchun xos bo‘lgan va jamiyatda yuksak qadrlagan. Tadbirkorlikni chekka joylarda rivojlantirish maqsadida yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda, aholi yashash punktlaridan kamida 10 kilometr yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 kilometr uzoqlikdagi kempinglar va “safari” turizmini tashkil etish bo‘yicha turizm xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar alohida avtonom infratuzilmani yaratgan taqdirda mazkur faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etish ham belgilab qo‘yilgan.

Shu jumladan, viloyatda ekoturizm rivojlangan bo‘lib, ushbu sohadagi tadbirkorlar tog‘li hududlarda bir biridan ajoyib oilaviy mehmon uylari tashkil etgan. Ushbu tadbirkorlarga kengroq imkoniyat yaratib berish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan boshlab 2023 yil 31 dekabrga qadar “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan chekka qishloq va tog‘li joylarda oilaviy mehmon uylari tashkil qilish xarajatlarining 30 foizigacha, lekin 10 million so‘mdan oshmagan miqdorda, kamida 5 yil davomida faoliyat olib borishi hamda belgilangan tartibda keluvchi sayyohlarni avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturga kiritib borish sharti bilan belgilangan tartibda kompensatsiya qilish tartibi joriy etilgan.

Yuqoridagi imtiyozlarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga yangi faoliyatlarini boshlashlarida keng imkoniyatlar yaratishi shubhasiz. Shuning uchun barcha tadbirkorlarni ushbu qaror asosidagi imtiyozlardan kengroq foydalanib, tadbirkorligini rivojlantirishi va yurtimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishishlari kerak. To‘g‘ri, tizimda hali muammolar yetarli, kamchiliklar ham bor. Qo‘l qovushtirib o‘tirish bilan turizmni rivojlantirib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining turizmni rivojantirishga qaratilgan farmon va qarori, videoselektor yig‘ilishida zimmamizga yuklagan topshiriqlar ijrosini bekamu ko‘st bajarish bilan viloyatimizda turizmni rivojlantirishimiz va Yurtboshimiz tomonidan imzolangan ushbu hujjatlar turizm ravnaqi yo‘lida dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Jizzax viloyati turizm sohasi vakillari ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Dilorom Xolmirzayeva,
Jizzax viloyati turizm va madaniy
meros boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i
O‘zA